Get Mystery Box with random crypto!

​Unutilishni istamasdim... Esimni tanibmanki, boshqalarga oʻx | Subut

Unutilishni istamasdim...

Esimni tanibmanki, boshqalarga oʻxshashdan, baʼzilarning soyasida qolib ketishdan oʻzimni olib qochaman. Aksariyat insonlar bot-bot takrorlovchi odatlarni, kundalik yumushlarni ularning qolipiga tushib, xuddi ulardek bajarishdan oʻzimni tiyardim.

Oʻylardimki, men hech kimga oʻxshamasligim, ular hayotining mazmuniga aylantirgan nuqtalarda, oʻrinlarda men boʻlmasligim kerak. Mening oʻzgacha hayot tarzim, hech kimnikiga oʻxshamas moʻjaz bir dunyom boʻlishi lozim edi. Dunyom shu qadar boshqacha boʻlishi kerak ediki, u yerdan, yerdagi baʼzi maxluqotlardan xoli boʻlsin... Masalan, baʼzi toifadagi insonlardan.

Deyarli hamma chiroyli hayot kechirib, oʻzidan salmoqli izlar qoldirishni, ibrat boʻlishni istaydi. Ammo hayot chigʻiriqlari, atrof-muhit bu orzu-maqsadlarni roʻyobga chiqish-chiqmasligini tezlatadi yoki teskarisi... Boshingga mushkulot tushib, hayot seni ming boʻlakka boʻlib tashlasa, seni har nechuk imkonlardan mosuvo qilsa, kiprik qadar, yoʻq-yoʻq, yurak gupuringda ularning hissasi boʻlgan yaqinlaringni, sogʻligʻingni sendan tortib olsa, sening haqiqiy inson sifatida shakllanishing uchun imkon tugʻiladi. Bunday paytlarda sen oʻzingni, oʻzligingni, oʻz irodangni yoʻqotmasliging, qazo-yu qadarga hech qanday isyonlarsiz taslimiyatingni ifoda etishing – oʻsha orzu-maqsadlarning quvvat manbai. Aksinchasidan esa Yaratgan Egam asrasin.

Kamina ham shunday toifadagi insonlardan biri edi. Yaʼni oʻz dunyosining yaratuvchisi. Ortga bir nigoh solsam, pichoqqa ilinadigan hech vaqo yoʻq. Oʻzim bunyod qilgan dunyoda adashib qolar darajadaman. Demak, hali hikoya tugamagan. Uni chiroyli yakunlash uchun esa tarozida adashmaslik kerak...

Unutilsak, nima boʻladi? Unutilmasak-chi? Bizdan oldin ham hayot boʻlgan-ku. Endi boʻlmaydimi?

Xayollaringizni bir nuqtada jamlang va diqqat bilan, butun borligʻingiz bilan meni eshiting! Hayotda oʻz oʻrningiz, oʻz qarashlaringiz, oʻz uslubingiz va oʻz dunyoyingiz boʻlishi, bu hayotda muayyan iz qoldirishingiz – yaxshi, albatta. Ammo qachondir insonlar eʼtiboridan, ularning yodidan oʻchishingiz ehtimoli katta. Juda katta. Ammo shuni bilingki, qora tunda qora chumolini koʻra olgan Zot hech qachon, hech narsani va hech bir amalimizni unutmaydi. Eng muhimi – Uning nazaridan qolmaslik. Ibrat boʻling: bilsa, bilar. Bilmasa, bilguvchi Zot yoʻqmi?! Bor!!!


Hamma amallarimizni, oʻzimizmi, ezgu ishlarimizni unitishar, ammo Yaratgan Egam unutmaydi. Muhimi – Uning eʼtiboridan qolmaslik. Qolgani, ustozim Odiljon Shodiyev aytganlaridek, ikkinchi darajali.

Behzod Sherzod oʻgʻli

@subut