Get Mystery Box with random crypto!

#Maqola #Ixtilof Mutaassiblik – jamiyat uchun eng xatarli ill | SOF TA'LIMOTLAR

#Maqola
#Ixtilof

Mutaassiblik – jamiyat uchun eng xatarli illat
 
        Islom dini biror shaxs, guruh, mol-dunyoga nisbatan va obro‘-e’tibor topish uchun qilinadigan har qanday mutaassiblik va firqalarga bo‘linishni qoralaydi, tarafkashlikni johiliyat holatiga o‘xshatadi.
        Mutaassiblik lug‘atda bir narsaga qattiq bog‘lanib, ko‘r-ko‘rona ergashish, ashaddiy tarafkashlik, bir fikrda qattiq turib olish kabi ma’nolarni anglatadi. “Kashshofu istilohotil funun” kitobida “mutaassiblik, garchi dalil ko‘rinib turgan bo‘lsa ham, bir tomonga moyillik tufayli haqni rad etishdir” deb ta’riflangan.
        Mutaassiblikning turli ko‘rinishlari bor bo‘lib, ular kishining o‘zi, mol-dunyosi, farzandlari, millatini boshqalardan afzal bilib, bu yo‘lda ashaddiy ravishda kurashishi demakdir. Mo‘’tabar manbalarimizda ota-bobolari va o‘zining nasabi bilan faxrlanish tuyg‘usi kishini do‘zaxga tortadi deb ta’kidlangan.
         Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam zamonlarida bir kishi sherigiga qarab: “Men falonchini o‘g‘liman. Sen kimsan, onasini yo‘qotgan (onasi betayin)”, dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Muso alayhissalom davrlarida ikki kishi bir-biriga nasabini bayon qildi. Ulardan biri: “Men falonchini o‘g‘liman. Otamning otasi falonchi”, deb to‘qqiz avlodini sanab: “Sen kimsan, onasi betayin”, dedi. Narigi kishi: “Men falonchini o‘g‘liman. Otamning otasi falonchi. Uning otasi bir musulmonning o‘g‘li”, dedi. Shunda Alloh taolo Muso alayhissalomga vahiy qilib dedi: “Ey sen, o‘zini to‘qqizta ajdodiga nisbat bergan, ularning hammasi do‘zaxdadir, sen o‘ninchisisan. Ey sen, o‘zini ikki ajdodiga nisbat bergan, ular jannatda, sen uchinchisisan”.
         Bu tuyg‘u insonlar o‘rtasida muhabbatni so‘ndiradi, inoqlikni ketkazadi, do‘stlar orasida adovatni paydo qiladi, yaqinlar o‘rtasini ajratadi, qarindosh-urug‘lar orasida urushni qo‘zg‘aydi, mustahkam bino kabi ko‘ringan do‘stlikka barham beradi.
         Mutaassiblik turlaridan yana biri diniy mutaassiblikdir. Diniy mutaassiblik deganda ma’lum bir dinda asos bo‘lgan, ushbu din vakillari amal qiladigan ta’limot va qoidalarga qarshi chiqish, diniy tushunchalarni shariat ko‘rsatmalariga zid ravishda o‘zicha talqin qilib, boshqalarni unga ergashishga chorlash nazarda tutiladi. Diniy mutaassiblikning eng katta xatarlaridan biri dinlararo muloqotga rahna solishdir. Ushbu illat aksar hollarda islom dini bilan bog‘liq hodisa sifatida ko‘zga tashlanadi. Ammo bu harakat muayyan ma’noda barcha din va konfessiyalarga e’tiqod qiluvchilar orasida uchraydi.
           Diniy mutaassiblik ikki ko‘rinishda namoyon bo‘ladi. Birinchisi, boshqa dinlarga nisbatan mutaassiblik. Ikkinchisi, dinda mutaassibona harakat qilishdir.
          Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi: “Dinga zo‘rlab kiritish yo‘q. Zero, to‘g‘ri yo‘l zalolatdan ajrab bo‘ldi” (Baqara surasi: 256-oyat). Ulamolar bu oyatni diniy mutaassiblikdan qaytaruvchi dalil sifatida keltiradilar.
         “Mutaassiblikning xavfli tomoni shundaki, taassubga moyil odamlar jamiyatda beqarorlik to‘liqinini keltirib chiqarishga qodirlar. Ommaviylik unsuri esa muayyan bir xatti-harakatlar uchun shaxsiy javobgarlik hissini yo‘qotib yuboradi, harakatga ommaviy tus beradi. O‘zining shubhasiz haqligiga, haqiqatni faqat o‘zi bilishiga ishonch hissi zo‘ravonlik harakatlariga moyilligi bilan ajralib turadigan diniy ekstremizmning paydo bo‘lishiga olib keladi”[1]. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam musulmonlarni boshqa din vakillariga nisbatan bag‘rikeng bo‘lish, ularning e’tiqodini hurmat qilish, haqlariga rioya etishga buyurganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim ahli zimmaga biror zahmat yetkazsa, qiyomat kuni meni o‘zining dushmani sifatida ko‘radi», deganlar.
           Dinda mutaassibona harakat, dinda chuqur ketish, haddan oshish, Qur’on va Sunnatda kelgan ta’limotlarga zid ravishda o‘z fikriga ergashishni qattiq qoralaydi. Dinda haddan oshish deganda shariat belgilab qo‘ygan chegaradan chiqib ketishlik tushuniladi.