Get Mystery Box with random crypto!

​Birinchi o'qituvchim (Birinchi o'qituvchim Mamatova Nazokat | Shohrux Erkinov [Official]

Birinchi o'qituvchim

(Birinchi o'qituvchim Mamatova Nazokat
ustozga bag'ishlanadi...)


#Tabrik

Biz deb qancha soching oqargan,
To'rt yil umring yeganmiz ustoz.
Bilsam bizga mehring yoqarkan,
Shu payt bilmas ekanmiz ustoz.

Bugun qadring bilinar, bir-bir
Varaqlayman yaqin o'tmishni.
Og'ritganmiz ko'nglingni kechir,
Qoyillatmas edik o'qishni.

Yodingdami ustoz hali ham,
"Odobnoma", "Mehnat" fanlari?
Bir daqiqa ichida salkam
Yuztalab so'z o'qiganlarim...

Kundalikka besh qo'yganingda,
Yulduzcha ham qo'yarding qo'shib.
To'rt yilgacha sening yoningda
O'qiganmiz ulg'ayib, jo'shib.

Biz birinchi o'quvching edik,
Shu sabab bor mehringni berding.
To'rt yil o'tdi, so'ng xayr dedik,
Sen ham xayr deb qolaverding...

O'quvching bor xozir bir sinf,
Bir-biridan aqlli, dono.
Gohi aytgim kelar xo'rsinib:
"Ayt ne kerak shuncha muammo?"

Ular ham biz singari sening
Sochlaringga tushirishar oq.
O'tib ketar yana bir yiling,
Ular buni bilishmas biroq.

Xuddi shunday mana bugun ham,
Ulg'ayarsan yana bir yoshga.
Qancha tabrik aytsam shuncha kam,
Mehring qiyos etsam quyoshga.

Tavalluding muborak ustoz,
Baxt tilarman tugamaydigan.
"Sen"siradim kechir iltimos,
Shoirlarda shunaqa ekan.

Ushbu she'rim sen deb yozilgan,
Bunyod bo'lgan tun ilhomidan.
Taqdim etdim sen saboq bergan
Barcha o'g'il, qizing nomidan!..

Shohrux Erkinov

2023-yil.