Get Mystery Box with random crypto!

#savolimbor SAVOL. Assalomu alaykum. Prezidentimizning 2022- | Qonunchilik.uz

#savolimbor

SAVOL.
Assalomu alaykum. Prezidentimizning 2022-yil 30-dekabrdagi PQ–471-sonli qarorining 9-bandi to‘g‘risida to‘liqroq ma’lumot bera olasizmi?
Xabaringiz bor 2021-yil may oyida bog‘chalar uchun ota-onalar uchun badal to‘lovlari oshirilgandi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi bilan Xorazm viloyatiga 50 foiz kamaytirilgandi. Hozir PQ–471-son qarorda toifalarga bo‘linib 30 foizdan 50 foizgacha kamaytirilsin deyilyapti.
Xiva shahar 3-toifaga kirar ekan (ya’ni 30 foiz). Bilmoqchi bo‘lganim, bog‘chalarda ota-ona to‘lovi yana 30 foizga kamaytiriladimi yoki oldingi holida turaveradimi? Chunki bizga hozir o‘zgarmaydi shu holicha turadi badal puli deyishyapti.
Javobingiz uchun oldindar rahmat!

JAVOB.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-apreldagi 256-son qarori bilan tasdiqlangan 2021-yildan amalga kiritiladigan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari (MTT)da bolalar ta’minoti uchun ota-onalar to‘lovi miqdorlariga ko‘ra, 2022-yilning 1-may kunidan boshlab, Toshkent shahri, viloyat markazlari, viloyat bo‘ysunuvidagi shaharlar, tuman markazlari va boshqa joylarda MTT joylashgan hudud va unda bolalarning kunlik bo‘lish vaqti, bitta bolaga va bittadan ortiq bolaga bir oylik to‘lov miqdori belgilab berilgan.

Mazkur qarorga Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 2-avgustdagi 426-son qarori bilan tegishli o‘zgartirishlar kiritilib, qayd etilgan ilovaning izoh qismidagi hududlarda joylashgan davlat MTTda ota-onalar tomonidan har oyda bolalar ta’minoti uchun to‘lanadigan haq miqdori amaldagi tarifning 50 foizi miqdorida belgilanib, ushbu imtiyoz 2026-yilning 1-yanvariga qadar uzaytirilgan.

Hozirda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-dekabrdagi PF-287-son Farmoni (1-ilovasi) bilan Ixtisoslashuvi hamda kichik biznes uchun mavjud sharoitdan kelib chiqib toifalarga ajratilgan O‘zbekiston Respublikasi shahar va tumanlarining ro‘yxati tasdiqlandi.

Shuningdek, 2022-yil 30-dekabrdagi PQ–471-son “O‘zbekiston Respublikasining “2023-yil uchun O‘zbekiston Respublkasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonuni ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining 9-bandiga asosan 2023-yil 1-yanvardan 2026-yilning 1-yanvariga qadar davlat MTTda bolalar ta’minoti uchun ota-onalar to‘lovi miqdorlariga nisbatan tumanlarning toifasidan kelib chiqib, 4 va 5-toifadagi tumanlarda 50 foiz, 3-toifadagi tumanlarda (shahar aholi punktlaridan tashqari) - 30 foiz etib belgilandi.

Ma'lumot uchun. O‘zbekiston Respubilkasining Shaharsozlik kodeksiga ko‘ra aholi punkti – huquqiy maqom, nom va chegara bilan belgilangan O‘zbekiston Respublikasi ma’muriy-hududiy birligi (shahar, shaharcha, qishloq, ovul)ga aytiladi.

E’tiborli jihati “shahar aholi punktlaridan tashqari” degan jumladir, demak, Xiva shahri 3-toifadagi tumanlar ro‘yxatida bo‘lsada, istisno holat keltirilmoqda. Ya’ni, amaldagi tartib bo‘yicha har oyda bolalar ta’minoti uchun to‘lanadigan haq miqdori bo‘yicha tarifning 50 foizi miqdorida o‘zgarishsiz qoldirilmoqda va shu miqdorida to‘lab borilishi kerak bo‘ladi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring
Telegram I Facebook