Get Mystery Box with random crypto!

#savolimbor Malaka oshirish davrida xodimga xizmat safari xara | Qonunchilik.uz

#savolimbor Malaka oshirish davrida xodimga xizmat safari xarajatlari to’lab beriladimi?

https://t.me/mehnathuquqi javobi :

Xizmat safari va malaka oshirish boshqa-boshqa tushunchalardir. Mehnat kodeksining 166-moddasiga ko’ra, ish beruvchi va mehnat jamoasi manfaatlariga doir vazifalarni bajarish (malaka oshirish, ratsionalizatorlik takliflarini joriy etish ishida qatnashish, xizmat safarida bo‘lish, tibbiy ko‘rikdan o‘tish va boshqa hollarda) maqsadida xodimni ishdan ozod etish shartlari, shuningdek ana shu davr uchun to‘lanadigan kafolatli to‘lovlar miqdori jamoa shartnomalarida belgilab qo‘yiladi, lekin bu to‘lov miqdori o‘rtacha ish haqidan kam bo‘lmasligi kerak. E’tibor bergan bo’lsangiz, MK 166-moddasida ham malaka oshirish va xizmat safari alohida-alohida ko’rsatilyapti. Xizmat safari va malaka oshirish davrida xodimning o‘rtacha ish haqi saqlab qolinadi.

Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 2-avgustdagi 424-son qaroriga ILOVA “O‘zbekiston Respublikasi hududida xizmat safarlari to‘g‘risida”gi Nizomga ko’ra, xizmat safari — tashkilot rahbarining buyrug‘iga (qarori, farmoyishiga) asosan xodimning o‘zining doimiy ish joyidan boshqa joyga xizmat topshirig‘ini bajarish uchun ma’lum bir muddatga yuborilishi. https://lex.uz/uz/docs/-6139421

Malaka oshirish esa xodimlarga yangi kasbiy bilim va mahorat, zamonaviy ko‘nikmalarni qo’lga kiritish, kasbiy kompetentligini zamonaviy talablar bilan uyg‘unlashtirish hamda muntazam ravishda rivojlantirib borish imkoniyatini beruvchi tizimdir.

Demak, malaka oshirish xizmat safari hisoblanmaydi. Malaka oshirish xarajatlarini qoplab berish qonunchilik hujjatlarida, tashkilotning ichki lokal hujjatlarida, shuningdek xodim va ish beruvchi o‘rtasida tuzilgan mehnat shartnomalari bilan belgilanishi mumkin. Quyidagi qonunchilik hujjatlarida ayrim soha vakillarining malakasini oshirishni tashkil etish va o‘tkazish tartibi, malaka oshirish xarajatlarini qoplash belgilab berilgan

Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 17-yanvardagi 25-son qaroriga 1-ilova “Xalq ta’limi xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom xalq ta’limi tizimidagi rahbar, pedagog va mutaxassis xodimlar (xalq ta’limi tizimi xodimlari)ni uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini tashkil etish tartibini belgilaydi. https://lex.uz/uz/docs/-5828765#-5831221

Nizomning 130-bandiga ko’ra, ishdan ajralgan holda malaka oshirish uchun boshqa hududlardan yuborilgan tinglovchilarga qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda o‘qishga borish va undan qaytish bo‘yicha bir martalik yo‘l haqi xarajatlari ularni yuborgan tomon hisobidan qoplanadi.

Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 7-oktabrdagi 582-son qaroriga ilova “Davlat organlari va tashkilotlarining jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ish olib boruvchi xodimlari malakasini oshirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga muvofiq davlat organlari va tashkilotlarida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ish olib boruvchi xodimlarni o‘qitish va ularning malakasini oshirish tartibini belgilaydi. https://lex.uz/docs/-6228935

Nizomning 7-bandiga ko’ra, murojaatlar bilan ish olib boruvchi xodimlar malakasini oshirish bilan bog‘liq xarajatlar ularni malaka oshirishga yuborgan tashkilotning budjet va budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 4-apreldagi 174-son “Tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko’ra, asosiy ishidan ajralgan holda tibbiyot xodimlari malakasini oshirish kursiga yuborilgan boshqa shaharlik tinglovchilarga o‘qish joyiga bir marta kelish va ketish, shuningdek, yuboruvchi tomon hisobiga yashash xarajatlari qonunchilikda belgilangan tartibda qoplanadi. https://lex.uz/docs/-3152875