Get Mystery Box with random crypto!

Begonaginam Shodliklari yig'ilganda ham, Kulgichingdek kulma | Sevgi She'rlari

Begonaginam

Shodliklari yig'ilganda ham,
Kulgichingdek kulmasdi olam.
Guldek eding, Gulzodaginam,
Oh, o'zimning begonaginam.

Sen o'zganing qo'lin tutgan kun
Alamlarda yoqildi tanam.
Muhabbatga yasaldi yakun,
Oh, o'zimning begonaginam.

Endi sevgim nimaga arzir?
Eslatmoqlik menga ham farzdir.
Senga mehr qiyomat qarzdir,
Oh, o'zimning begonaginam.

Unut bo'lar ekan ozorlar,
Yangi tonglar otar nahorlar.
Kelar ekan yana bahorlar,
Oh, o'zimning begonaginam.

Ko'rdim, sening ko'zlaringda nam,
Qarog'ingga cho'kib borar g'am.
Ikkimizga diyonat - hakam!
Oh, o'zimning begonaginam.

Mendan xafa bo'lmagin, gulim,
Har dam xayol surmagin, gulim.
Tushimga ham kirmagin, gulim,
Oh, o'zimning begonaginam.

Yuragingga quloq solmagin,
Yo'llarimni kutib tolmagin.
Ro'paramdan chiqib qolmagin,
Oh, o'zimning begonaginam.

Aslo menga bo'lma umidvor,
Izlaringga yog'ib ketgan qor!
Xiyonatning javoblari bor,
Oh, o'zimning begonaginam...


  Mastona Muhammad
Qahramon Sultonov


T.me/Sherlari_Sevgi