Get Mystery Box with random crypto!

BEGONAM Bir qiz bilan koʻrdim, seni begonam, Ichim olov boʻli | Sevgi She'rlari

BEGONAM

Bir qiz bilan koʻrdim, seni begonam,
Ichim olov boʻlib yondi, bilmading.
Titrab ketdim, yuzim boʻldi lolarang,
Ters oʻtirdim, sen ham nazar qilmading.

Kitobimga tikdim koʻzimni, lekin
Harflari notanish boʻlib koʻrindi.
Sen tomon qayrildim, ogʻriqla sekin,
Koʻnglim-a... yuz emas, mingga boʻlindi.

Yoningdagi qizni hayollarimda
Koʻksidan itarib tashladim nari.
Oʻzimni yoʻqotib borardim unga
Nelarnidir soʻzlab berganing sari.

Sen bilan deyarli soʻzlashmaganmiz,
Bor yoʻgʻi ismimni bilasan xolos.
Bilsang edi qancha shod boʻlishimni,
Menga koʻzing tushib qolganda bexos.

Yuragimni ezgan bir oʻtinchim bor,
Shivirlayin mayli, eshitmasang ham.
Koʻrsam qovogʻimdan yogʻib ketar qor,
“Oʻtirmagin qizlar bilan, begonam...”


Ozoda Habibullayeva
29.04.2023


T.me/Sherlari_Sevgi