Get Mystery Box with random crypto!

* * * AYTILMAYDIGAN SHE'R Tushun, Senga bormay deyman, Uzat | She’riy lahzalar

* * *

AYTILMAYDIGAN SHE'R

Tushun,
Senga bormay deyman,
Uzatmay deyman bu qo'llarimni...
Burib ketay deyman,
Senga eltuvchi yo'llarimni...
Xalal bermay deyman,
Qo'zg'atmay deyman.
Biroq sog'inch ko'rsatar kuchin,
Hislarni xazonday to'zg'itmay deyman,
Har kuni o'zimga o'qiyman hukm:
Bugun unga eslatma o'zingni,
Suratidan uz ko'zingni,
Ammo yurak...
Simillar faqat...
Havoga uchirar so'zimni...
Tong otar,
Tongotar.
Havoni simirib,
Tuyganday bo'laman bo'ylaring.
Ko'zimdan uyquni oladi
O'ylaring.
"Bugun maktub yozma!
Telbalanma, aqldan ozma!"
O'qiyman g'ururdan ma'ruza.
Ichikkan ko'zlarim xatingni
O'qiydi: yuz berar mo'jiza!
Bu ne xat,
Bu ne had,
Bu ne dard...
Ko'zlarimda gullaydi chaman!
Yuragimda chalinar chiltor...
Tushun,
Har kuni ko'zimni ochaman
"Salom, yaxshisanmi, Sitor?"
degan jumlani o'qimoq uchun...

Sitorabonu

@sheriylahzalar