Get Mystery Box with random crypto!

Agar vafot etsam... Agar vafot etsam, Alloh nasib qilsa, mus | Shaxsiy Blog1

Agar vafot etsam...

Agar vafot etsam, Alloh nasib qilsa, musulmonlar lozim boʻlgan ishlarni qilishadi:

• kiyimlarimni yechib olishadi;
• jasadimni yuvishadi;
• kafanga oʻrashadi;
• tobutga solishadi;
• masjidda yoki uyimda menga janoza oʻqishadi;
• qabristonga olib borishadi;
• qabrga qoʻyishadi;
• baʼzi odamlar uyidan, baʼzilari ishxonasidan janozamni oʻqib, dafn qilish uchun kelishadi;
• meni dafn qilib boʻlishgach, bir necha kishilar “Mulk” surasini tilovat qilishadi, qolganlar uni tinglashadi. Baʼzi himmat qilganlar “Yasin” surasini ham tilovat qiladilar.
• duolar qilingach, hamma tarqalishni boshlaydi.

Alloh nasib etsa, uyimda qoldiradigan kishilarim va narsalarim:

• ota-onam, aka-ukalarim, singlim, ahli oilam, farzandlarim, jiyanlarim, qarindoshlarim, doʻstu birodarlarim;
• uy, mashina va ularning kalitlari;
• kitoblarim;
• kiyimlarim, doʻppilarim, poyabzallarim;
• pullarim.

Vafot etganimdan soʻng dunyo kelgan joyidan davom etaveradi.

Oʻtirgan kursimga boshqa kishi oʻtirib, ishni davom ettiradi.

Molu davlatim merosxoʻrlarim orasida taqsimlanadi. Oʻzim esa oʻsha molu davlatlar uchun hisob berayotgan boʻlaman.

Vafot etganimda eng avval ismimni tark etishadi.

Meni yuvmoqchi boʻlishganda, ismimni aytishmaydi, balki, “Jasad qayerda?” deyishadi.

Kafanga oʻralgan holda tobutda yotar ekanman, menga namoz oʻqimoqchi boʻlganlarida, “Janozani olib kelinglar” deyishadi.

Qabristonga olib borib, dafn etayotganlarida, “Mayyitni uzatinglar, tobutni tortib olinglar” deyishadi.

Shunday ekan, men nasabimga, falonchilarning zurriyoti ekanimga, mansabimga, obroʻyimga aldanib qolmasligim kerak.

Vafotimdan keyin men uchun mahzun boʻladiganlar uch xil boʻladi:

1. Meni yuzaki taniydiganlar “Bechora vafot etibdi-da” deyishadi.

2. Doʻstu birodarlar bir necha soatdan to bir necha kungacha mahzun boʻladilar, eslab, duo qiladilar. Soʻng odatiy hayotlarini yashashda davom etadilar va yuzlarida kulgu koʻrina boshlaydi.

3. Uyimdagi mahzunlik bir yilgacha choʻzilib, keyin ismim xotiralar qutisiga tashlanadi.

Shu bilan odamlar orasidagi hikoyam nihoyasiga yetadi. Oxirat ostonasidagi haqiqiy hayot boshlanadi. Bu qabr hayoti.

Qabrimda chiroyim ham, molim ham, farzandlarim ham, oila aʼzolarim ham, aka-ukalarim ham, “domla”, “qori aka” deb yurgan doʻstlarim ham, uy-joylarim ham, dafnda ishtirok etganlar ham qolmaydi.

Qabrimda men bilan faqat amalim qoladi.

Savollar boshlanadi:

— Robbing kim?
— Robbim Alloh!

— Dining nima?
— Dinim Islom!

— Mana bu odam haqida nima deysan?
— Bu kishi Alloh taoloning risolatini biz ummatlariga yetkazgan, omonatni ado etgan sevikli Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdirlar!

Alloh taoloning fazli bilan qabrimda menga yordam beradigan narsalar:

• oʻqigan farz namozlarim;
• tutgan farz roʻzalarim;
• bergan zakotlarim;
• qilgan hajim;
• nafl ibodatlarim;
• maxfiy sadaqalarim;
• yetimning boshini silaganim;
• ota-onamga qilgan xizmatlarim;
• boshqa solih amallarim.

Dunyoga qaytib, bir marta sajda qilish, bir marta tasbeh aytish orzusida yotgan milliardlab qabrlarda yotganlar bor.

Birodarlar, bugun bizda imkonimiz bor, hali jonimiz tanamizda. Bandalik vazifalarimizni oʻz oʻrnida, vaqtida, ixlos bilan ado etaylik! Zulm qilganlarimizdan uzr soʻraylik, qazo namozlarimizni oʻqib, qazo roʻzalarimizni tutib, odamlardan olgan qarzlarimizni toʻlaylik!

Robbimiz barchamizni Oʻzining hidoyatidan ayirmasin va xotimamizni chiroyli qilsin! Amiyn!

Nozimjon Hoshimjonov tayyorladi

https://t.me/joinchat/V9rOjjc2w___l0Xf