Get Mystery Box with random crypto!

Assalom Ona yurt, ey ota maskan, Jonimga jon bergan, tomirimga | Ўлмасбек Самарқандий🇺🇿

Assalom Ona yurt, ey ota maskan,
Jonimga jon bergan, tomirimga qon.
Sen ulug‘ o‘tmishim, va yorug‘ ertam,
Dobus qal’am uzra o‘tirgan hoqon.

Har toshing qadrdon, har qiring qutlug‘,
Zarafshon zar sochib oqar poyingdan.
Yilning to‘rt fasli ham qirg‘og‘i to‘lug‘,
Tashna ko‘nglim qonur Nahripoyingdan.

Ko‘rkam binolarga boqsam, ulug‘vor,
Viqorli qaddingdan so‘z ochur shodon.
Bugun har kishingda shukronalik bor,
Bugun obod bo‘ldi har bir xonadon.

Masjidlar munavvar, pokdir dilimiz,
E’tiqodli elsan, iymondir dinim.
Shukur aytayotir biyron tilimiz,
Qara, nur sochmoqda Ziyovuddinim!

Qarnob cho‘llarida o‘sgan har giyoh,
Ko‘zimga to‘tiyo, yuzlarim bossam.
Yetsa gar ilhomim, yetsa gar siyoh,
Qadim Sultonobod ta’rifin yozsam.

Mutarjim etilsa o‘tmish xatlari,
Aslo buyuklarga shart emas baho.
Ne asrlar oshgan Nodim daftari,
Yuzta kitob bo‘lur bitta Zulayho.

Faqat paxta o‘sar, deb xato yozur,
Parvo ham qilmasman, etmasman qahr.
Ne urug‘ qadasa bergaydir hosil,
Tuprog‘ing tilloga aralash, axir!

Tilagim, har kuning bo‘lib to‘y-alyor,
Quchog‘ing quvonchu-shodlikka to‘lsin!
Kindik qonim tushgan qadrdon diyor,
Istiqlol bayraming muborak bo‘lsin!

She’r yozdim madhingga, so‘zlarim ravon,
Shoiringman sening, o‘tli nolangman.
Qayga borsam, noming dilda asrabon,
Madhing aytib yurar O‘lmas bolangmang!

Assalom Ona yurt, ey ota maskan,
Jonimga jon bergan, tomirimga qon.

O‘lmasbek Samarqandiy.

BAYRAMINGIZ MUBORAK BO‘LSIN AZIZ PAXTACHILIKLAR!

Biz
http://myurls.co/paxtachi