Get Mystery Box with random crypto!

The Stranger

Telegram kanalining logotibi salimov_blogi — The Stranger T
Telegram kanalining logotibi salimov_blogi — The Stranger
Kanal manzili: @salimov_blogi
Toifalar: Telegram
Til: Oʻzbek tili
Obunachilar: 5.58K
Kanalning ta’rifi

Kitoblar, fikrlar, tuyg'ular haqida

Ratings & Reviews

3.00

2 reviews

Reviews can be left only by registered users. All reviews are moderated by admins.

5 stars

1

4 stars

0

3 stars

0

2 stars

0

1 stars

1


Oxirgi xabar 2

2022-12-15 16:22:30 ​​Nega diktatorlar kitob yozishadi?

Biz, oddiy insonlar, ehtimol, o'z so'zimizga unchalik sodiq emasdirmiz, aytgan fikrimizga amal qilmasligimiz mumkindir. Lekin ilohiy yoki diniy kitoblarda xudoning so'zi doimo amal bilan bog'lanadi, ya'ni ularda — "Xudo yorug'lik dedi va yorug'lik paydo bo'ldi" kabi bayonotlarni ko'rish mumkin. Diktatorlar ham faktlar yoki fikrlar bilan shug'ullanishmaydi, ular qo'pol kuch bilan shug'ullanishadi, buning natijasida uning so'zi qonunga aylanadi va har bir bayonot uning harakatlari bilan mujassamlanadi. Bu aslida judda oddiy — bu haqda "diktator" — "buyuruvchi, o'z xohishini amalga aylantiruvchi" so'zining o'zi aytib turibdi.

"So'z — yaratgan tomonidan insonlarga berilgan eng muqaddas sovg'a". Ushbu ibora qaysi kitobda keltirilgan deb o'ylaysiz? Bu hech qanday muqaddas kitoblarda emas, Turkmanistonning sobiq prezidenti (1985-2006) Saparmurat Turkmanboshi tomonidan yozilgan "Ruhnoma"da keltirilgan. Qiziq tomoni, ushbu kitob avvalo turkman folkloriga atalgan kitob sifatida yozilishi rejalashtirilgan. Natijada kitob turkmanboshining egosi va illyuziyalarining timsoliga aylandi. Turkmanboshi yanvar oyiga o'z nomini, nonga esa o'z onasining ismini qo'ygan. Sentyabr oyini esa o'zi yozgan kitobning nomiga almashtirgan va istalgan inson ushbu kitobni 3 marta o'qisa "jannatga tushishiga" kafolat bergan.

Shimoliy Koreyaning sobiq prezidenti Kim Chen Ir, Iroqning sobiq prezidenti Saddam Husayn (ishqiy romanlar yozgan), o'tgan asrda Xitoyning rahnamosi bo'lgan Mao Szedun ham kitob yozgan. Adolf Gitler haqida-ku, aytmasam ham bilasiz. Saddam Husayn hatto mamlakatiga AQSh qurolli kuchlari kirib kelayotganda ham o'z kitobini nashrdan chiqarish uchun shoshgan ekan.

"Diktator-yozuvchilar" ikki turga bo'linadi: birinchi toifa (Lenin, Gitler, Mussolini, Mao) — o'z matnlarini yuqoriga ko'tarilish uchun qo'llagan; ikkinchisi (Kim Chen Ir, Saddam Husayn) — hokimiyat tepasiga kelgandan keyingina yoza boshlagan.

Diktatorlar tomonidan yozilgan kitoblar qanchalik yomon yozilgan bo'lishiga yoki zerikarli ekanligiga qaramay — ular bestsellerga aylanishgan. Nega bunday bo'lganini taxmin qilish qiyin emas. Biroq sizning so'zlaringiz qonun ekanligini tasdiqlovchi "muqaddas matnlar"siz diktator bo'lish mumkinmi? Menimcha kitoblar tarixda "shaxsga sig'inish madaniyatini" shakllantirishda juda yuqori muhim o'rin egallab kelgan.

Manba: Bookerberg


Yaxshi mavzu. Odamzod oʻzini aqlli his qilishni sevadi. Masalan, instagram, tik-tokda likillab obunachi yiqqanlar ham keyin bir qarasangiz intervyular berib, hayot haqidagi xulosalarini yozib qolishadi. Endi butun mamlakat miqyosida kitobini tarqatish imkoniyatiga ega boʻlgan odam kitob yozishdan oʻzini tiyib turishi naqadar qiyinligini tasavvuring qiling. Oʻzimiznikilaram rosa ishqiboz kitob yozishga. U kitoblardan esa barcha darajadagi ilmiy ishlarga iqtibos olinadi, intervyularda gapiriladi, kabinetlarda qoʻr toʻkib turadi, iqtidorga boshqa odam kelgach (yanada aniqroq aytganda, oʻlgach; chunki bizda oʻlguncha hokimiyatni berishmaydi) barcha kitoblari supurib tashlanadi, ulardan yangi ilmiy ishlarga iqtibos keltirish siyosiy xato hisoblanadi. Fikringizni yozing, derdimu, biroq bizdayam diktatura, koment yopiq. Bahsli masala, biroq Livanelining fikricha, omi xalqning demokratiyasi diktatura, saylagan prezidenti esa diktatordir.

@salimov_blogi
4.3K viewsedited  13:22
Ochish/sharhlash
2022-12-13 15:02:48 ​​Zulfu Livanelining bilmadim nechta kitobini oʻqidim. Har biri koʻplab tarixiy voqealarga va boshqa kitoblarga ishora beradi. Ularni oʻqiyman, internetni titaman, faktlarni tekshiraman. Muallifning gapi toʻgʻri, oʻz tarixini turklarchalik qayta-qayta yozgan boshqa xalq yoʻq. Balki, oʻzbeklar bunda bellasha olar.

Vizantiya imperiyasi davrida barpo qilingan, xristianlarning cherkovi boʻlmish Aya Sofiya Erdogʻan tomonidan masjidga aylantirilganidan koʻpchilikning xabari bor. Mehmet Fotih Konstantinopolni xristianlardan qutqargan fotih, musulmon dunyosi qahramoni oʻlaroq koʻriladi. Holbuki Vizantiya va Usmonli xonadoni juda koʻp qudachilik qilishgan. Xususan, Mehmetning oʻgay onasi Mara Brankovich eʼtiqodi mustahkam nasroniy boʻlgan, uning ta'sirida Mehmet yunon, lotin tillarini, xristianlik tarixini oʻrgangan. Konstantinopolni egallagach Vizantiya zodagoni Mehmed Pashani bosh vazir qiladi. Soʻngi imperator Konstantinning ikki jiyanini ham vazir qiladi. Ya'ni shaharni baribir xristianlar boshqaradi. Aynan Usmonlilar sulolasi Onadoʻlidagi musulmon turk bekliklarini yoʻqotadi.

Usmonli hukmdorlari mamlakatda oʻzlaridan boshqa oila kuchayib ketmasligi uchun umuman mahalliy qizlarga uylanishmaydi. Asosan, Bolqon hududlaridan xotin olib kelishadi. Ushbu xristian ayollar butun umr oʻzlarining nasroniylik e'tiqodlarini saqlab qolishadi. Yana bir qiziq fakt shuki, boshqa musulmon hukmdorlaridan farqli ravishda Usmonli sultonlaridan hech biri hajga bormagan.

Livaneli nega bugungi tarixchilar bu savollar ustida bosh qotirmaydi, deb savol qoʻyadi. Javob esa aniq, ular tarixni oʻzgartirish, dunyoqarashlariga moslab qayta yozish, qolganlar esa balandparvoz gaplarga ishonish bilan band.

Masalan, bizda ham birjinslilikni nuqul gʻarbga toʻnkashadi, holbuki yurtimizga xonliklar davrida safar qilgan sayyohlarning kundaliklarini, agar ularga ishonmasangiz oʻzimizning Abdulla Qodiriy, Fitrat va boshqa qora koʻz jadidlarimizning kitoblarini oʻqisangiz bizda bachchabozlik azal-azaldan juda urf boʻlganini koʻrasiz. Bu bilan bir vaqtda pedofiliya ham oddiy koʻrilgan. Biz qoralab yotgan gʻarbda esa pedofiliya eng ogʻir jinoyatlardan biri hisoblanadi. Tarixni ideallashtirishni bas qilish kerak, doʻstlar. Qachonki bir pulga qimmat odamligimni tan olsam, qachondir ikki pullik odam boʻlishim mumkin. Buni tan olmasam umr boʻyi bir pullik odamligimcha qolib ketaveraman.

@salimov_blogi
3.9K viewsedited  12:02
Ochish/sharhlash
2022-12-12 15:53:27 ​​Kim oʻrgatgani esimda yoʻq, balki hech kim oʻrgatmagandir, balki Zeze aytganiday shayton oʻrgatib ketgandir, xullas besh yoshimda oʻqish-yozishni bilardim, olti-yetti yoshimda esa she'r yozardim. Dastlabki sheʼrlarim texnik jihatdan rasvo boʻlsa-da, rostmana samimiy, jiddiy edi. Chunki aytadigan gaplarim bor edi. Keyin esa yoʻlga tushib oldim, qofiyani, barmoq vaznini mixday qilib she'rlarni qatorlashtirdim. Lekin ular faqat texnik jihatdan sheʼr edi, xolos. Bugun mana shunday she'rlar bilan shoir deb tanilib, pul ishlab, hatto xalq yozuvchisi boʻlib yurganlar koʻp. Biroq hali bola paytimdayoq bunday sheʼrlarimdagi saviyasizlikni anglab, uzoq yil yozmay qoʻydim.

Ulgʻaygach ma'lum vaqt yana sheʼr yozdim. Bu safar ichimdan toshib chiqdi. Juda kam sonli, biroq samimiy. Hamon yiliga bir-ikki dona sheʼr yozib turaman. Lekin oʻzimni shoir sifatida hech koʻrmadim, koʻrolmadim. Sheʼriyatni taqdirimga aylantirish niyati hech boʻlmadi. Falsafaga kirgach men aytmoqchi boʻlgan gaplar uchun sheʼriy shakl mos kelmasligini aniq tushundim.

Oskar Uayldning kamgap bir qahramoni "Men oʻttiz yoshimgacha hamma gapimni aytib boʻlgandayman" deydi. Menda ham shunday davr boʻldi. Deyarli gapirmay, umuman hech qanday matn yozmay yashadim. Bu dunyoga aytadigan hech narsam yoʻqday tuyulardi. Ba'zan hamma gap aytib boʻlinganday tuyulsa, ba'zan aytishdan ma'ni yoʻqday tuyulardi.

Qaysidir faylasufningmi, olimningmi shunday gapi bor: "Olimlar oʻzidan oldingi olimlarning yelkasida turadi". Haq gap. Agar shunday boʻlmasa har bir avlod boshidan boshlab kelishiga, olov yoqishni qayta oʻrganishiga toʻgʻri kelardi. Zulfu Livaneli esa, har bir adib oʻzidan oldingi adabiyotdan oʻsib chiqadi, deydi. Shunday qilib, ancha yil oʻzimni mutolaaga urdim. Qiziqib oʻqidim, ermakka oʻqidim, vaqt oʻtkazish uchun oʻqidim, nima uchun oʻqiyotganimni bilmay oʻqidim. Oʻqidim. Oʻqidim. Oʻqidim. Keyin ichimda fikrlar yigʻila boshlaganini sezdim. Dastlab kichik postlar yozdim. Keyin kitoblar haqida yoza boshladim. Keyin kundalik tutdim va muntazam yozib bordim. Unda kecham va bugunimni solishtirdim. Kanal ochdim. Jiddiy boʻlmasa-da bir narsalar yozib bordim. Lekin bu kanalga hech qachon ortiqcha ahamiyat bermadim.

Ikkita she'r kitobim chiqqandi, oʻnlab almanaxlarga, xorijiy antalogiylarga qoʻshilib qoldim. Mana shu bir yilning oʻzida yettita tarjima kitobim nashrga qabul qilindi. Lekin hamon oʻzimni na tarjimon, na ijodkor deb hisoblay olaman. Men hali ijod lazzatini, dardini, mashaqqatini chekmadim. Oʻz uslubimda oʻz asarimni yozishim shartligini bir yilcha oldin angladim. Hikoyami, qissami, romanmi, qay birini tanlashni oʻyladim. Lekin hech biri ma'qul kelmadi. Keyin oʻylab qarasam, aytmoqchi boʻlgan gaplarim hali juda tarqoq ekan. Menda koʻp narsa bor, lekin aynan qayerdan boshlab qay usulda yetkazishni bilmasdim. Kutdim. Abituriyentlikdagi domlam ta'biri bilan aytganda "Chap oyogʻim bilan yozsam ham" uncha-munchasidan yaxshi yoza olishimni bilardim. Ammo yozmadim. Shunchaki nimadir yozish uchungina gaplarni qatorlashtirgim kelmadi. Ham fikr, ham tuygʻu boʻlishi shart edi.

Nihoyat topdim. Uyqusiz tunlarning birida qay uslubda yozishim va nimani yozishimni tushundim. Deyarli butun kitob toʻlaligicha koʻz oldimda gavdalandi. Chunki uni allaqachon miyamda yozishni boshlagan ekanman. Faqat xayolni bir joyga jamlab, yurakni oʻrtaga qoʻyib yozish kerak. Agar bosh koʻtarmay toʻrt oy ishlasam tayyor boʻladi. Biroq qani vaqt? Qoʻlimdagi ishlar, boʻynimdagi masʼuliyat, tarqoq xayol bir soat oʻtirib ishlashga qoʻyarmidi? Yetmish ikki soat qoidasi bor, ya'ni biror yangi gʻoya tugʻilsa, qaror qabul qilsangiz dastlabki qadamni yetmish ikki soat ichida qoʻymasangiz, mana shu vaqt ichida boshlamasangiz keyin hech qachon boshlamaysiz. Biroq men bu kitobni baribir yozaman. Bir yil vaqt ketar, ikki yil vaqt ketar. Bu asar men, sen va kitoblar haqida boʻladi

Men adabiyotga buyuk asarlar, butun insoniyatga atalgan gaplar, ulkan iddaolar bilan emas, Stingning qoʻshiqlariday sokin kirib kelishni istayman.

@salimov_blogi
4.4K viewsedited  12:53
Ochish/sharhlash
2022-12-12 09:49:59
Ibrohim Haqqul bilan qishloqdoshmiz, janozasi chiqqan ota uyi bizdan ikki uy narida. Bolalikdan ismlarini eshitib turardik, biroq u kishini Toshkentga kelgachgina tanidim. Yaqinda adabiyot haqidagi ishlari Tirilish nashriyotidan chiqar ekan. Juda kerakli va foydali kitob.
3.8K views06:49
Ochish/sharhlash
2022-12-11 12:45:37
Yaqinda Yangi asr avlodi nashriyotidan Ibrohim Gʻafurovning naqt yigirma jildlik saylanmasi nashr qilinarkan. Bu yaqinlarda bunaqa katta hajmdagi seriyani koʻrmagandim. Zabarjad mediadagi jadidlar toʻplami va Oʻzbekiston nashriyotidan chiqqan Abu Rayhon Beruniy kitoblarini ham e'tirof etish kerak. Bozorda iloji boricha yaxshi kitob koʻpayishi kerak. Masalan, oʻzim aqlim oshib-toshib ketgani uchun emas, tasodif bois yaxshi kitoblarni oʻqiganman tajribasiz vaqtlarimda. Ya'ni doʻkonga kirib tavakkal tanlaganimda doim yaxshi kitoblar uchragan. Chunki sayoz adabiyot yoʻq hisobi edi. Kitobxon sifatida didim shakllanishida, ayniqsa, Yangi asr avlodidan "Kamolot kutubxonasi" ruknida chiqqan kitoblarning hissasi katta. Mana shunday sara badiiy asarlar oʻqish kerak. Ilmiy-ommabop kitoblar qiziq, siyosat, iqtisod, falsafa haqida boʻlishi mumkin. Ammo oʻz nomi bilan "ommabop", ilm esa ommabop boʻlmaydi. Unga umr bagʻishlanishi kerak. Ilmiy-ommabop kitoblar orqali hamma narsa haqida oz-oz bilasizu mutaxassis boʻlolmaysiz.
3.7K viewsedited  09:45
Ochish/sharhlash
2022-12-08 19:36:33 ​​Rossiyaning imperiyalistik siyosati natijasini Ukraina misolida koʻrib turibmiz. Ya'ni tarixga, siyosatga qiziqmaydiganlar ham urush haqida eshitib turibdi. Rossiyaliklar qoniga imperiyalistik dunyoqarash shu qadar singib ketganki, hatto muxolifati ham imperiyalistik dunyoqarashga ega. "Katta oʻyin" kitobida mana shuning tub ildizlarigacha yetib borib, huuu Moskva kichkina knyazlikcha boʻlgan davrdan boshlab hikoya qiladi. Zoʻr ketyapti. Ayniqsa bizning xonliklarimiz haqidagi qiziqarli maʼlumotlar bor. Muallif kitobni oʻsha davrda bu yerlarga turfa yoʻl bilan va turfa maqsadda sayohat uyushtirganlarning kundaliklari, kitoblari, hisobotlariga asoslanib yozgan.

Oʻzi tegma toʻkilaman deb turgan, zamondan biror asr orqada qolgan xonliklarimiz hali bizga zarari tegmagan vaqtlarda ruslarni qul qilib rosa qiyratgan ekan. Ruslar bizni bosib olgan, unday qilgan, bunday qilgan deyishga haqqimizam yoʻgʻakanov, oʻzimiznikilar ulardan badtar qilgan ekan. Quyida bizning hududga kelgan Muravyov va Murkroftlarning hisobotlaridan ikkita iqtibos keltiraman:

1. Olisdagi bu oʻrta asrlar xonligida ruslarni eʼtibor berishga undagan boshqa bir masala ham bor edi. Xiva va Buxoroning gullab-yashnayotgan qul bozorlarida yillar davomida erkaklar, ayollar va bolalardan iborat koʻplab Rossiya fuqarolari sotilib, umrbod qullikka mahkum qilinardi. Dastlab u yerda 1717-yildagi ekspeditsiyadan omon qolganlar sotilgan boʻlsa, keyinchalik asosan Orenburg atrofidagi qirgʻiz qabilalari tomonidan oʻgʻirlab ketilgan yoki asrga olingan askarlar va Kaspiy dengizi sohilida turkmanlar qoʻlga olgan baliqchilar hamda ularning oilalari qul qilinib, ushbu bozorda sotilardi. Ularning achinarli qismati toʻgʻrisida juda kam narsa ma'lum, chunki qullikdan qochish chindan imkonsiz edi.

2. Oʻn besh kundan keyin ular amirlik hududini butunlay tark etishdi. Xiva shahrida boʻlgan Muravyov singari ularning qalbini oʻrtagan yagona narsa – Buxoro qullari orasida koʻrgan oʻz hamyurtlarini tashlab ketayotganlari edi. Ulardan baʼzilari shunchalik uzoq vaqt qul boʻlganidan hatto ona tillarini deyarli unutgandi. "Ularning nigohi bizga tushganda, – degandi missiya vakillaridan biri, – koʻz yoshlarini toʻxtatib turolmadilar". Biroq missiya vakillarining qalbida bu bechora odamlarga nisbatan qanday tuygʻular kechishidan qat'i nazar, xuddi Muravyovday ularning ogʻir ahvolini ovoza qilishdan boshqa hech nima qoʻllaridan kelmas, Rossiya Markaziy Osiyo ustidan hukmron boʻladigan va bu kabi yovvoyilarcha xatti-harakatlar qonun bilan abadiy cheklab qoʻyiladigan kunlar kelishini soʻrab duo qilardi, xolos.

Rasmda "Katta oʻyin" kitobi va shu kitobni oʻqishga qiziqtirgan qiz)

@salimov_blogi
4.7K viewsedited  16:36
Ochish/sharhlash
2022-12-07 22:35:17 Kundalikdan...

Shunday samimiy qizlar borki, ularning jilmayib turganiga qaraboq kayfiyating ko'tarilib ketadi.

***

Uning ko'zlari... xuddi hozirgina yig'lab olganday, yo endi yig'lashga tayyor turganday... ma'sum.

***

Munosabatlarda tanaffuslar kerak.

***

Biz doim kamrog'ini, ko'prog'ini, mehrlirog'ini, qahrlirog'ini, xullas, hamma narsaning boshqachasini kutamiz. Shunday bir tong otsaki, hamma - hammasi boshqacha bo'lsa. Kutishga shunchalik o'rganib qolganmizki, kutganlarimiz kelganini, achinarlisi, ketganini ham sezmay qolamiz. Kutamiz...

***

Iltimos, mendan xavotir ol, balki ahvolim yaxshi emasdir.

***

O'sha - o'sha joyda boshqacha ahvoldaman.

***

Sabr ajoyib narsa. Lekin uzoq sabr qilish uchun hayot juda qisqa.

***

Ko'proq yashashga urinish nafsning kuchliligidanmi?

***

Kim bilandir munosabatlarni birdaniga uzishga bo'lgan keskin urinish, aksincha, bu munosabatlarning yana uzoq davom etishiga olib keladi. Oldingidanda yomonroq bo'ladi, lekin davom etaveradi. Kimdandir ko'ngil sovudimi, shunchaki vaqtga qo'yib berish kerak. Bir qadam - bir qadam uzoqlashish kerak. Ba’zida o'sha qadam ham shart emas. Vaqti kelib odamlar bir - biriga loqayd bo'la boshlaydi. Vaqti kelib esa xuddi hayotida shunaqa odam umuman bo'lmaganday butunlay unutib yuboradi.

***

Muhabbat faqat bir marta bo'ladi. Qolganlari esa shunchaki hikoyadir.

***

Bu dunyoda hamma narsani tushuntirish shart.

***

Har bir odamning unutilgan gunohi bo'ladi... va bir kuni bir odam keladiyu, uni o'sha gunohi bilan yuzlashtiradi.

***

Kimningdir sen haqingda o'ylashi, seni sog'inishi, eslashi ham ko'p narsaga majbur etadi. Masalan, yashashga.

***

Ba'zan inson birdaniga hamma narsani tushunib qoladi.

***

Odam vafot etganida emas, butunlay unutilganda, uni hech kim eslamay qo'yganda o'ladi.

***

Hali hammasi oldinda? Balki eng muhimlari orqada qolib ketgandir...

***

Nimaga kelding dunyoga? Qara... Nimalar qilib yuribsan.

***

Juda go'zal uzrlarim bor mening.

***

Inson qanchalik ko'p orzu qilsa, shunchalar baxtsizdir.

***

Qachondir seni qidirib topaman... va hech nima sodir bo'lmaydi.

2018 - 2019 - yillar

@salimov_blogi
5.5K viewsedited  19:35
Ochish/sharhlash
2022-12-07 18:07:55 ​​Hali bukbloging nari tursin, blogerlik degan narsa yoʻq boʻlgan davrlarda, oʻtgan oʻn yillikning oʻrtalarida taqrizlarimni feysbukka yozardim. U yerda ancha katta hajmdagi matnlar bitta postga sigʻardi. Ushbu kanalni ochganimdan soʻng esa matn imkoniyati cheklanganini koʻrdim. Uzayib ketsa yo bir nechta post boʻladi, bu perfeksionist boʻlganim uchun koʻzimga xunuk koʻrinadi, yo telegraph shaklida yoziladi, bu esa juda kam oʻqiladi, masalan hayotim haqidagi eng ochiq mana bu e'tirofni toʻrt yuzta ham odam oʻqimagan.

Natijada kitob yoki mavzu haqida fikr bildirayotganda oʻz-oʻzidan hajm cheklangan qolipga tusha boshladi.

Hayotimdan yana bir misol. Azal-azaldan instagram, youtube, tik-tok kabilardan umuman foydalanmayman. Yilda bir-ikki marta adashib kirib qolishim mumkin. Yaqin-yaqinlardan esa ularga sal koʻproq e'tibor bera boshladim. Bunday saytlar algoritmi qanday ishlashi hammaga maʼlum, siz qanday axborotga koʻproq eʼtibor qaratsangiz, shunday maʼlumotlar oqimiga sizni koʻmib tashlaydi. Videolar qisqa, bir necha soniyadan bir necha daqiqagacha. Ba'zan shu qisqa videolarni bir necha soatlab koʻrib oʻtirish mumkin. Lekin sezdimki, endi uzun videolarni koʻrishga sabrim yetmay qoldi. Jiddiy kinolarni, dasturlarni soatlab konsentratsiya bilan koʻrolmay qoldim. Oʻzimni majbur qilsam-da xayol ketib qolaveradi.

Mana shu ikkita misol koʻrsatib turibdiki, miyamiz qoliplashadi. Uni oson narsaga oʻrgatsak keyin jiddiy narsani hazm qilolmaydi, qabul qilolmaydi, yoki undan ham yomoni rad etadi, ya'ni qoralaydi. Ba'zan postlarim ulashilgan kanallarga oʻtib qarayman, izohlarda post uzunligi uchun oʻqishmaganini aytib, qisqaroq yozishni soʻrashadi. Tasavvur qilyapsizmi, post qoʻyuvchi botga sigʻdirish uchun maksimal qisqartirilgan matnni ham miyalari qabul qilmaydi. Bir necha soniya yoki daqiqalik video kabi, yozma axborotni ham qisqa shaklda olishga oʻrganishgan. Biroq bu bilim ham, rostmana lazzat ham bermaydi. Bir kunda minglab sara iqtibos oʻqishingiz mumkin, biroq undan hech narsa olmaysiz. Fikrlab, uzoq oʻqilgan kitob haqiqiy bilim beradi. Ertadan kechgacha sara videochalarni koʻrishingiz mumkin, lekin ular bitta zoʻr kinoni toʻliq koʻrgandagi ozuqani miyaga berolmaydi.

Shunday ekan, axborotni qay shaklda qabul qilayotganingizga, miyangizni nimaga oʻrgatayotgangizga hushyor boʻling. Kamdan-kam iqtibos tashlanadigan, toʻqson foiz uzun matnlardan iborat kanalimning kuzatuvchilari sifatida sizlarni hurmat qilaman.

@salimov_blogi
4.3K viewsedited  15:07
Ochish/sharhlash