Get Mystery Box with random crypto!

​​Yaponizm So‘ngi postlarda ulashayotgan '-izm'lar bilan bezd | Rassomlar

​​Yaponizm

So‘ngi postlarda ulashayotgan "-izm"lar bilan bezdirib qo‘ymayapmizmi, do‘stlar?

Luminizmdan so‘ng bu mavzuga ham ozroq to‘xtalib o‘tsak, degandim. Demak, yaponizm! Qisqacha aytganda, bu - XIX asrga kelib G'arbiy Yevropa san'atiga sharqshunoslikning kirib kelishi bilan paydo bo‘lgan uslubdir. Bu davrda shundoq ham o‘z yo‘nalishlarida ancha tanilib qolgan rassomlar uslublariga yangilik kiritishni istab qolishadi. Bunga sabab Yaponiya san'ati estetika, mavzular, motivlar, texnika va ranglarga bo‘lgan munosabat jihatidan o‘zgacha dunyo edi. Yana ham aniqlashtirilsa, yangilik edi. Chunki Yaponiya bu davrgacha tashqi dunyo uchun yopiq edi. Hullas, bu yog‘i tarix, gap ko‘p. O‘qiganlar biladi, menimcha, sabablarini. Bu yo‘nalishda ajoyib asarlar yaratgan rassomlardan biri sifatida Eduard Maneni misol keltirish mumkin. Yoki Klod Mone. Ikkisida ham ajoyib asarlarni uchraydi. Post-impressionistlardan esa Pol Gogen va Vinsent van Gogni aytish mumkin.

1855 yilga kelib tashqi dunyo uchun ochilgan Yaponiya ko‘plab san'at asarlarini Yevropa va boshqa davlatlarga eksport qila boshladi. O‘z-o‘zidan anchagina muxlislar ham ortirib oldi. 1851 yilgi London, 1867 yilgi Parij Butunjahon ko'rgazmalari davomida yapon rang tasvir va turli xil hunarmandchilik ishlari (chinni, kimono, panoramali illustratsiyalar, lak buyumlari) namoyish etildi.

Agar Klod Mone 1883 yilga kelib o‘z bog‘ida yaponcha ko‘prik qurgan va bir necha asarlar yaratgan bo‘lsa, undan farqli Van Gog bu yo‘nalishda ancha asar yaratgan. Xususan, Van Gog uchta yapon rangli bosma illustratsiyasidan ko‘chirma ishlagan. Bundan tashqari, uslubga qo‘li kelishib qolgan rassom bir nechda yog‘li kartinalar ham yaratadi. Bundan tashqari, u Xokusayning 15 tomlik eskizlar to‘plamini o‘rganib chiqqan va buni amalda o‘zing "nuqta-chiziq" texnikasiga qayta ishlab chiqqan. Ushbu asarlar orqali rassomning yapon san'ati sirlarini o'rganishga intilishi kuchli bo‘lganini sezish qiyin emas.

Buyuk Britaniyada ham bu yo‘nalish namoyondalarini uchratish mumkin. Masalan, o‘sha vaqtda Angiliyada yashab ijod qilgan amerikalik rassom Jeyms Vistler. Uning 1876-1877 yillarda yaratgan "Tovus xonasi" nafaqat mualliflarga xos bo'lgan estetikaning yorqin namunalaridan biri, balki G'arbiy Yevropa va Amerika san'atidagi yaponizmning eng yaxshi namunalaridan biri bo'lib, zamonaviy san'at estetikasidan xabar beradi.

Yaponizm nafaqat rang tasvirga, balki ularning kimonolari modaga, dekoratsiyalari teatr sahna bezaklari, uylar interyerlariga kirib bordi. Taniqli dekoratorlardan bo‘lgan Gustav Klimt yaponlarning dekorativ-mavhum naqshlarini o‘zi yaratgan ishlarda qayta kashf qildi.

Hozirda yaponizmni biz qadamda uchratishimiz mumkin. Ayniqsa, ularning takomillashgan minimalistik interyer uy loyihalari o‘zgachaligi bilan ajralib turadi.
Aytgancha, asarlarni oldingidek pastgi havoladan ko‘rishingiz mumkin. To‘g‘risi, ular juda ko‘p. Tanlashga erindim .

Quyida ilova qilinayotgan asar:
"Madam Mone yapon kimonosida"
Klod Mone
1875 y.

@Rassomlar