Get Mystery Box with random crypto!

MUSTAQILLIK AVLODI Ey do‘stim, umring bino bo‘libdiki mute’li | An Ordinary Man

MUSTAQILLIK AVLODI

Ey do‘stim, umring bino bo‘libdiki mute’likda yashaysan. Uyda ham, bog‘chada ham, maktabda ham, universitetda ham, ishda ham kattalar gapini ma’qullashga, shaxsiy fikringni bostirishga o‘rgatilgansan.

Hamma narsani "milliylik" degan mavhum va noaniq andozaga solib ko‘rasan. Bu "milliylik" nimaligini o‘zing ham tushunmaysan, hokimbuva nima desa shu.

Hayotda yashashdan maqsading nimaligini ham bilmaysan. Bilasan, lekin shunchaki gap xolos. Aslida e’tiqodingga teskari yashashga majbursan.

Nohaqliklarni, adolatsizlikni ko‘rib ko‘rmaganlikka olasan. Chunki unga qarshi gapirgan bilan nima foyda deysan.

Qamalganlarni ham "biror aybi bo‘lmasa qamalarmidi" deb o‘zingni aldamoqchi bo‘lasan.

"Adashganlar" degan toifa kimning talqini bo‘yicha, nimaga nisbatan adashgan deb so‘rab ham o‘tirmaysan. Davlat aka shunday dedimi tamom demak adashgan.

Axloq-odob me’yorlaring ham g‘alati, tushunib bo‘lmas, soxta kronservativ. O‘zingcha or-nomuslisan, odamlar nima deyishi seni eng ko‘p o‘ylantiradi.

To‘g‘ri, moddiy jihatdan kam bo‘lmading. O‘z uyingda, o‘z vataningda tinch yashab yuribsan. Ammo ko‘chadagi daydi itlar ham, og‘ildagi mol-qo‘ylar ham yashamoqda, hayotidan norozi emas, qorni to‘ysa bo‘ldi.

O‘tgan 25 yilni mum tishlab o‘tkazding, yana 25 yil sukut saqlash, bo‘yin egib o‘tish qiyin bo‘lmasa kerak. Hayotga kelib, o‘zligingni ro‘yobga chiqarmay, totalitar va avtoritar jamiyatda qumursqadek yashab o‘tib ketishga rozisan, bundan boshqacha bo‘lishini tasavvur qilolmaysan.

Mayli, o‘kinma, o‘ksinma, nahorgi osh, choyxonadagi ulfatchilik, GM shaldir aravasi, Akfa romlar o‘rnatilgan uying, artel jihozlaring boshqa hamma yo‘qotishlaring uchun kompensasiya bo‘la oladi.

Ba’zilarga o‘xshab vatangado emassan, shunga shukr qilib yashayver.

- Fayziddin Mo‘min