Get Mystery Box with random crypto!

​​ Uyda ishlash imkoniga ega serdaromad kasb egalari bilan ta | Blog | Shokhida

​​ Uyda ishlash imkoniga ega serdaromad kasb egalari bilan tanishing
   
Bugun koronavirus epidemiyasi deyarli hammani uyga “qamab qo‘ydi”. Ishidan, biznesidan ayrilayotganlar oz emas. Ba’zi kasb egalarining esa hayot tarzi o‘zgargani yo‘q. Avvalgiday ishlashda va mo‘maygina daromad olishda davom etmoqda. Keling, bugun ular kimligini bilib olamiz. Ehtimol, bu kasblardan birini egallash haqida o‘ylab ham ko‘rarsiz?

Kopirayter

So‘zdan mahorat bilan foydalanishni bilsangiz, internet makonida sizga doim ish topiladi. Maktabda insholarni yaxshi yozarmidingiz? Unda kuchingizni kopirayterlik sohasida sinab ko‘ring. Sayt uchun oddiy matnlardan tortib reklama shiorlarigacha yoki mahsulotni targ‘ib qilish ssenariylarigacha – turli xizmatlar sizni kutib turibdi. Kompaniyalar yangi loyiha, ishlab chiqarilayotgan mahsulot yoki xizmatlar haqida yaxshi matnlarga doim muhtojlik sezadi. Kopirayter bo‘lish uchun jurnalistlik mutaxassisligiga ega bo‘lishingiz shart emas, muhimi – so‘zlarni boshqara olish. Daromadingiz, albatta, ish miqdoringiz va uning sifatiga bog‘liq.

Web-dasturchi

Mutaxasisligingizni yaxshi egallasangiz, ishingiz doim ko‘p bo‘ladi. Hech bir to‘laqonli sayt Web-dasturchilarsiz mavjud bo‘lolmaydi. Kasbni egallashingiz uchun jiddiy ta’lim olishingizga to‘g‘ri keladi. Universitetni bitirmasangiz ham, mustaqil o‘qib-izlanishdan to‘xtamasligingiz kerak. Sifatli o‘quv dastrurlarini topish esa oson emas. 

Web-dizayner

Surat chizishni yoqtirasiz va buni yaxshi eplaysizmi? Unda ushbu kasb sizga maqul kelishi mumkin. Faqat, rassom nigohi kamlik qiladi, texnik bilimlar ham talab etiladi. Ikkisini birlashtirsangiz, talabgor kasb egasiga aylanishingiz mumkin. Ish borasida topshiriqlaringiz har doim mo‘l bo‘ladi.
Shuningdek, bu ishda dasturchi bilan birga ishlay olishingiz lozim. Kasbni egallash borasida web-dasturchilarning vaziyatidagi singari mustaqil ta’lim olishingiz mumkin.

Illyustrator

Rassomchilik qobilyatingizni to‘la namoyon qilishingiz mumkin bo‘lgan kasb. Bugun illyustratorlarga muhtoj bo‘lgan sohalar ko‘p: nashriyot ishi, reklama poligrafiyasi, internet-bannerlari, multiplikatsion roliklar va boshqalar.
Buyurtmachilar har xil bo‘ladi, sizning ijodiy erkinligingizni inobatga olmaydiganiga uchrab qolsangiz, aytilgan muddatda, ilhomni kutib o‘tirmasdan buyurtmani bajarishingiz lozim.
Bugun logotip chizuvchi illyustratorlarning daromadi ancha yaxshi. Axir logotip kompaniyaning yuzi – u sifatli va e’tibor jalb qiladigan bo‘lishi uchun, buyurtmachilar kattagina miqdorda to‘lov qilishga ham tayyor.

Repetitor

Biror fanni yaxshi bilsangiz va uni yaxshi tushuntira olsangiz – sizdan ajoyib repetitor chiqishi mumkin. Malakangiz yetarli ekaniga isbot tariqasida diplom yoki sertifikatlaringizni taqdim etsangiz bo‘ladi. Nafaqat uyingizga o‘quvchilarni chaqirib dars o‘tish, balki internet orqali ham dars o‘tish yo‘llari haqida o‘ylab ko‘ring. Bugun onlayn ta’lim – rivojlanib borayotgan yo‘nalishlardan biri.

Bloger

Bugungi kunning eng mashhur kasblaridan biri. Yo qiziqarli hayotingiz bilan yoki biror sohani qiziqarli tushuntirib berishingiz bilan odamlar e’tiboriga tushishingiz mumkin. Blogerlik xobbi bo‘lgan taqdirda ham yaxshigina daromad va ajoyib insonlar bilan tanishish imkonini beradi. Ko‘pincha reklama qilish orqali blogerlar daromad ko‘radi.

SMM-mutaxassis

SMM (Social Media Marketing) – kompaniyalarning ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntini yuritish va targ‘ib qilishdir. Bundan maqsad – mijozlar sonini oshirish. SMM-mutaxassis xizmat yoki mahsulot haqida qiziqarli postlar tayyorlaydi, turli tanlovlarni tashkillashtiradi, amaliy maslahatlar beradi. So‘nggi yillarda bu soha egalariga talab oshmoqda, biroq sifatli ta’lim beruvchi kurslarni topish qiyinroq.

Sarvinoz Omonova