Get Mystery Box with random crypto!

Chet eldagi tarixiy meroslarimiz qachon qaytariladi? Yaqinda | Pozitiff Repablik

Chet eldagi tarixiy meroslarimiz qachon qaytariladi?

Yaqinda Incheon shahriga qisqa safarga borib, gidning hikoyasi asosida bir o'zim uchun qiziq ma'lumotga duch keldim.

1392-1910-yillarda Koreyada hukmronlik qilgan Choson davlati qirollik xonadoni qo'lyozma va yilnomalari yaqingacha Fransiya milliy kutubxonasida saqlangan ekan. 2011-yil aprelda Koreya o'sha qo'lyozmalarni Fransiyadan "qarzga" olib qaytarib olib kelishgan ekan.

Gap shundaki, mazkur qo'lyozmalar bundan 150 yilcha muqaddam (1866-yilda) Koreyadan fransuzlar tomonidan (o'g'irlab) olib ketilgan, lekin o'tgan asrning oxirigacha ularning aynan qayerda ekani noma'lum bo'lgan ekan. 1975-yilda Park Byeong-Sen ismli Parijdagi koreys talaba (bu ayol o'sha vaqtda Fransiya milliy kutubxonasida oddiy xodim sifatida ishlagan) kutubxonada uzoq qidirishdan so'ng Choson qo'lyozmalarini o'sha yerdan topadi. Bu haqda Koreya hukumati xabardor qilinadi va mazkur kitoblarni Koreyaga qaytarish harakati boshlab yuboriladi. 1992-yilda Fransiyadagi Koreya elchixonasi Fransiyadan kitoblarni Koreyaga qaytarish uchun so'rov yuboradi. 1993-yilda o'sha vaqtdagi Fransiya prezidenti Mitteran Fransiyaning TGV texnologiyali tezyurar poyezdlarini Koreyaga savdosini yo'lga qo'yish uchun Seulga tashrif buyurgan vaqtda o'zi bilan Choson qirollik qo'lyozmalaridan birini olib keladi va Fransiyaga qaytganida qolganlarini ham qaytarishni va'da beradi (va Koreyada tezyurar poyezdlar yetkazib berilishi uchun tenderda "g'olib" ham bo'lishadi). Lekin, Fransiyaga qaytgan Mitteran va'dasining ustidan chiqa olmaydi, kutubxona unga qarshi chiqadi va qonunga ko'ra prezident kitoblarni qaytara olmasligi ma'lum bo'ladi. Shundan so'ng, muzokaralar yana o'tkazilib, nihoyat 2011-yilda aprelda Fransiya 297ta Choson davridagi qo'lyozmani Koreyaga 50 yildan keyin qaytib berish sharti bilan beradi. Hozirda mazkur qo'lyozmalar qarzga emas, butunlay Koreyada qoldirish yo'llari qidirilmoqda. Ha aytgandek, mazkur qo'lyozmalarni topgan Park Byeong-Sen keyinchalik Fransiyada doktorlik qilib, tarixchi bo'lgan, Fransiya fuqarosiga aylangan va o'sha kitoblar axiyri Koreyaga qaytganidan 5-6 oy keyin vafot etgan, ya'ni unga o'sha kunlarni ko'rish nasib qilgan.

Buning menga qiziq tomoni 2ta:
1) O'zbekistonning ham juda ko'p tarixiy meroslari Rossiya, Buyuk Britaniya, Fransiya va boshqa davlatlarda hamda ular deyarli Koreyaniki bilan bir xil vaqtda vatanimizdan olib chiqib ketilgan. Mazkur meros bizga tegishli va qaytarilishi kerak. Buning uchun esa albatta harakat qilinishi kerak. Qilinayotganga o'xshaydi, lekin bu kam.

2) Yaqinda bir yangilik eshitgandim. Adashmasam O'zbekiston Fanlar akademiyasi kutubxonasi yoki boshqa qaysidir universitet kutubxonasida saqlangan bir qancha tarixiy kitoblar yo'qolib qolibdi. Boshqalarda uncha ko'p emas, borini ham o'ziga yig'ishtirishga urinayotganda, bizda ular yo'qolayotgani achinarli.

@pstvR