Get Mystery Box with random crypto!

Nikodim Dizmaning karyerasi. Polyak yozuvchisi Tadeush Doleng | Professor Vonelk

Nikodim Dizmaning karyerasi.

Polyak yozuvchisi Tadeush Dolenga-Mostovichning (1898–1939) “Muttahamning parvozi” romani shubhasiz, eng sevimli romanlarimdan biri bo‘lib qoladi. O‘zi shunaqa yumorga, satiraga boy romanlarni juda qadrlayman. Siz ehtimol Stendalning “Qizil va qora” romanini yoki Mopassanning “Azizim” romanini o‘qigandirsiz. Agar shunday bo‘lsa, “Qizil va qora” romanidagi Jyulyen Sorel yuqori martabaga kuchli irodasi, mehnati tufayli erishishga intilishini, “Azizim” romanidagi Jorj Dryua esa maqsadiga ig‘vo yo‘li bilan erishishini bilasiz. “Muttahamning parvozi” romanining bosh qahramoni bo‘lgan oddiy muttaham, to‘pori, jizzaki, kaltabin, qashshoq, yalqov Nikodim Dizma esa bunday yuksak martabaga oddiy tasodif tufayli erishadi. Bu qanchalik g‘aroyib hodisadek tuyulsa-da, ammo o‘sha davrdagi burjua illatlarini nazarda tutganda buning hech ajablanadigan joyi yo‘q. “Kunfu panda” multfilmidagi toshbaqa aytmoqchi, tasodiflar tasodifan bo‘lmaydi, Dizmaning ham tezda mansabga chiqishini o‘z mohiyatiga ko‘ra tasodif deb bo‘lmaydi. Buning uchun Dizma o‘sha davr Polsha hukmron doiralaridan minnatdor bo‘lmog‘i lozim. Uni yuqoriga olib chiqqan va “mamlakat xaloskori” deb atagan kishilar o‘shalar edi.

Dizma xuddi Gogol qahramonlari kabi oddiy odam, uning biror ajralib turadigan yaxshi xususiyati ham yo‘q, ko‘rinishi ham unaqa chiroyli emas. Bu muttaham mening sevimli qahramonlarimdan biri bo‘lgan jahon adabiyotining eng mashhur muttahami bo‘lmish “O‘n ikki stul” va “Oltin buzoq” romanlarining bosh qahramoni buyuk mudabbir Ostap Bender kabi gapga chechan ham emas, u kamgap, g‘irt to‘nka odam. Ammo asarni o‘qiyotganingizda Dizmaning og‘zidan chiqadigan o‘sha kalta-kulta gaplaridan juda maroq bilan kulasiz. Dialoglarda qahramonlarning xarakteri zo‘r ochib beriladi – mana men deb turadi.

Dizma oddiy dangasagina emas, u hatto biror tuzukroq narsaga ham intilmaydi. Unga qolsa o‘zi naridan beri mandolinasini chalib yoki bir oz pul yig‘ib, qo‘lini sovuq suvga urmay sudxo‘rlik qilib kun ko‘rsa.

Nikodim martabasi oshgan sari ma’naviy tubanlikka yuz tutib boradi, insoniy qiyofasini yo‘qota boshlaydi, boshida u bu qadar ablah emas edi. “Bu juldurvoqilarning tanobini tortib qo‘yish kerak! – deya qichqiradi u. – Yalangoyoqlarning bir qismi qirilib ketsa hech nima qilmaydi!”.

Asarda shuningdek, bir sergap qari chol obrazi ham bor. U ham muttaham. U zodagon xonadon egasi bo‘lib olgan. Ammo o‘g‘rini qaroqchi urdi degandek, Nikodim uning ham po‘stagini qoqadi, uning yosh zodagon xotinini esa shunchaki “qoqadi”. Darvoqea, asarni 18 yoshdan oshgan kitobxonlarga tavsiya etaman, chunki yozuvchi asarida jirkanch axloqli zodagon ayollarning intim sahnalarini ham tasvirlaydi. Hatto lezbianlikka moyil erkakshoda qiz obrazi ham bor. Dizma o‘shani ham “qo‘ldan o‘tkazadi”. Anavi sergap cholning yosh xotinining ayollik nafosatiga ega, go‘zal muhabbatni his etuvchi ekaniga oldiniga maftun bo‘ldim, lekin uning boylikka, hashamatga, yalqovlarcha hayotga o‘rganib qolishi tufayli, o‘sha muhabbatidan ham shu narsalarni ustun ko‘rishini ko‘rib unga ham achindim, yomon ko‘rdim, Nikodimdek to‘nkani sevishidan ham kulgim qistadi.

Asar qanchalik yumorga boy, ko‘pirtirishlarga ega bo‘lmasin, o‘sha vaqtdagi reallikni ifodalagan. Zotan, bu asar hozir ham dolzarbdir! Dizmani maddohlar ko‘klarga ko‘tarib maqtashadi, ministr bo‘lishi kerak bu odam deyishadi, kuchli odam deb pichirlab qo‘yishadi bir-birlariga, bularni o‘qib kulasiz, xolos.
Telba zodagon Jorj Ponimirskiy roman oxirida “Jamiyat ustunlariga” qarata: “Sizlarning o‘zlaringiz bu maxluqni taxtga chiqarib qo‘ygansiz! Ha, sizlar! Hammangiz miyangizni yeb qo‘yibsizlar” – deya xitob qilishi romanning kuliminatsion nuqtalaridan biridir. Barcha adabiyot muhlislariga g‘oyat zo‘r muvaffaqiyat qozongan ushbu romanni o‘qishni tavsiya etib qolaman.

@professor_vonelk