Get Mystery Box with random crypto!

19 avgustdagi post (1/2) Rossiya Ukraina hududiga bostirib ki | Серия пенальти_O'Z

19 avgustdagi post
(1/2)

Rossiya Ukraina hududiga bostirib kirganidan beri Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi axborot munosabatlarida press-relizlar oʻyini ko‘zga tashlanmoqda O‘zbekiston tomoni telefon orqali muloqotlar hamda uchrashuvlardan soʻng o‘zi uchun odat tusiga kirib qolgan manerada “keng qamrovli masalalar yuzasidan fikr almashilganligi” to‘g‘risida hisobot beruvchi umumiy formulirovkalar bilan kifoyalanadi. Rossiya tomoni esa o‘z tarafkashlari Rossiyaning “dunyo imperializmi va neonatsizmiga qarshi muqaddas urushi” to‘g‘risida qanday gapirayotganini barcha tafsilotlari bilan bayon qiladi

Axborot urushi jarayonining o‘zi, aslida, e‘tiborga molik emas. Qolaversa, Kreml propagandasi so‘nggi 10 yillikda hech qanday yangi narsa o‘ylab topolmadi: rusiyzabonlarning huquqlari buzilishi, rangli inqiloblar, axloqsizlik targ‘ibotiga qarshi anʼanaviy qadriyatlar uchun kurash va boshqa ahmoqgarchiliklar Shu bilan birga, ularda, hech bo‘lmaganda, o‘zining propagandasini biror-bir oqilona va mantiqiy asos bilan mustahkamlashga urinish ham yo‘q. “G‘arb mamlakatlari va, birinchi navbatda, AQShning MDH hududida keskinlik o‘choqlarini yaratishga urinishi” toʻgʻrisidagi jumla nima degan gap? Postsovet hududidagi keskinlik o‘choqlarini eslaylik. Dnestrbo‘yi (Moldova) – Kreml tomonidan yaratilgan. Qorabog‘ (Ozarbayjon) – Kreml tomonidan yaratilmagan, lekin Kreml tomonidan faol ravishda muzlatilgan va eritilgan (bu mavzu bo‘yicha ajoyib sahna ko‘rinishi mavjud bokulik yigitlardan tuzilgan KVN jamoasi). Abxaziya va Janubiy Osetiya (Gruziya) – Kreml tomonidan yaratilgan. LDXR (Ukraina) – Kreml tomonidan yaratilgan. Va nihoyat, ayni paytda Ukrainada kechayotgan to‘liq masshtabli urush Putin va uning sheriklarining hech qanday asossiz, jinoiy qaroridir. Va yana postsovet mamlakatlarida Rossiya rasmiylarining ushbu mamlakatlar mavjudligining noqonuniyligi va ularning davlatchiligi mavjud emasligi toʻgʻrisidagi muntazam bayonotlari tufayli keskinlik mavjud

Biroq Kremlning alam ustida qilinadigan propogandasini bir chetga surib turaylik. Menga boshqa narsa qiziq. Uchrashuvlarda Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi haqida gap ketganda, bizning amaldorlarimiz nima deb javob berishadi – umuman, biror narsaga javob berishadimi o‘zi? Rossiya tomoni biznikilarning munosabati haqida yo yozmaydi, yoki “tushunish bildirganligi” haqida yozadi. Bizning press-relizlarimizda esa bu mavzu xususida umuman hech narsa deyilmaydi. Agar faqatgina rasmiy bayonotlarga tayanib xulosa qiladigan boʻlsak, ayni paytda biznikilar shunchaki sukut saqlayapti va tinglayapti , degan hissiyot kechadi. Biz uchun, mustaqil davlat sifatida, bu nihoyatda achinarli koʻrinmoqda, ayniqsa, rasmiy Kiyev bilan aloqalar yoʻqligicha qolayotgan bir paytda.

Ayni paytda, Oʻzbekiston oʻzining rasmiy pozitsiyasini mart oyidayoq — shu voqeadan keyin “sobiq” maqomini olgan — tashqi ishlar vaziri tilidan eʼlon qilgan edi. Vazir almashganidan keyin eʼlon qilingan munosabatni hech kim rasmiy darajada inkor qilmadi. Demak, u shundayligicha qolmoqda. Shuning uchun, ikki karra qiziq tuyuladiki, bizning tomon Rossiya bilan bogʻliq muzokaralarda nima deb javob beradi va nima uchun bu javoblar rasmiy press-relizlarda yoritilmaydi Va bu yerda “katta va qudratli qoʻshnimizning gʻazabini qoʻzgʻatishni istamaymiz” qabilidagi bahonalar bilan qutulib qolishning imkoni yoʻq. Birinchidan, buyuklik va qudrat haqidagi afsonani 24-fevral kuni shu qoʻshnimizning oʻzi muvaffaqiyatli yoʻqqa chiqardi. Ikkinchidan, boshqa postsovet mamlakatlarida muayyan bir masala yuzasidan o‘z pozitsiyasini e’lon qiladigan, shundan keyin asosiy amaldorlarni almashtirmaydigan va uni takrorlashdan tortinmaydigan pretsedentlar mavjud. Masalan, nega Qozogʻiston Ukraina masalasida oʻz pozitsiyasi haqida gapirishdan qoʻrqmaydi? Nega hududida Rossiyaning “tinchlikparvar” kuchlari joylashganiga qaramay, Ozarbayjon Rossiya bayonotlariga qarshi (zarurat tugʻilganida) raddiya bilan chiqishdan va kelishuvlarning bajarilishini talab qilishdan qoʻrqmaydi?