Get Mystery Box with random crypto!

(1/2) “ShHT va hokazo, va hokazo” sammiti nihoyasiga yetdi. S | Серия пенальти_O'Z

(1/2)

“ShHT va hokazo, va hokazo” sammiti nihoyasiga yetdi. Samarqand tez orada yengil nafas olishi mumkin boʻladi. Oʻquvchi-talabalar oʻquv yilini boshlashlari, odamlar rejalashtirgan tadbir va marosimlarini oʻtkazishlari mumkin. Umuman olganda, hayot risoladagidek tarziga qaytmoqda

Eski O‘zbekistonda ham, yangi O‘zbekistonda ham birdek seviladigan misli ko‘rilmagan xavfsizlik choralari xususida faqat bir narsani aytaman. Agar xavfsizlikni taʼminlash uchun butun boshli shahar hayotini falaj qilib turishga toʻgʻri keladigan boʻlsa, bunday xavfsizlik tizimining samaradorligi juda katta shubhalarni tugʻdiradi. Xavfsizlikni samarali yoʻl bilan taʼminlash – bu koʻzga koʻrinmas jarayon boʻlib, fuqarolar uning oʻz kundalik hayotlariga taʼsirini deyarli sezmaydilar. Giper-sekyuritizatsiyaga boʻlgan muhabbatimiz allaqachon nomaqbul koʻrinishni boshladi

Sammitning aniq natijalari xususida ko‘p toʻxtalmoqchi emasman. Men ShHTga nihoyatda shubha bilan qarayman. Dastavval Markaziy Osiyodagi taʼsir doiralarini Rossiya va Xitoy oʻrtasida taqsimlash maqsadida tashkil etilgan bu tashkilot vaqt oʻtishi bilan oʻzining qanday tashkilot ekanligi va qayoqqa qarab ketayotgani toʻgʻrisida mutlaqo bir qarorga kelolmay qoldi. ShHT o‘z maqsadlari, istiqbollari va oʻzining xalqaro munosabatlar tizimidagi o‘rni haqida hech qanday strategik tasavvurga ega emas. U vaqti-vaqti bilan tasodifiy kengayib boruvchi oʻta original muloqot platformasidan boshqa narsa emas. Oʻz navbatida, ushbu uchrashuvlar voqeaning tarixiy ahamiyati haqidagi balandparvoz qasidalar hamda ShHTga a’zo davlatlar va hamkorlarning birgalikdagi qudratiga oid tahdidli infografikalar bilan oʻtkazilishi shart emas. Qolaversa, ularning birgalikdagi qudrati haqida gapirish – mashhur masaldagi aravani tortib olishga uringan Oqqush, cho‘rtanbaliq va qisqichbaqaning birgalikdagi kuchini oʻlchashdek gap

Men boshqa narsa xususida soʻz yuritmoqchiman. Oʻzbekistonning tashqi siyosati borgan sari faqatgina PR`ga moʻljallangan tadbir va marosimlarni boshqarish – ivent-menejmentga moyil bo’lib borayotganligi to’g’risida. Imidj masalasi har qanday davlat faoliyatida mavjud bo’lishi tabiiy. Biroq, imidj – davlat faoliyatining asosi bo’lib hisoblanishi mumkin emas. Tashqi siyosiy faoliyatning bu tarzda amal qilishi – bu inson va moliyaviy resurslarning foydasiz sarf etilishi Tashqi siyosat – bu faqatgina hamma bir-birini ko‘kka ko‘taradigan, “olamshumul memorandumlar” imzolanadigan (ularning aksariyati qog‘ozda qolib ketadi) va dunyo taqdiri muhokama qilinadigan sanoqsiz konferensiyalar va sammitlar o’tkazish emas. Tashqi siyosat - bu vazmin va, payti kelsa, imi-jimida milliy manfaatlarni himoya qilish, oddiy va pragmatik vazifalarni amalga oshirish demakdir. Va bizda bu borada so‘nggi paytlar muayyan muammolar mavjud. Biz ko‘proq, milliy manfaatlarimizni himoya qilishdagi jurʼatsizligimizni ommaviy axborot vositalarida keng yoritiluvchi va shov-shuvli tadbirlar, shuningdek, mo‘ljallarimiz to‘g‘risidagi balandparvoz bayonotlar vositasida yashirishga urinmoqdamiz.

Diplomatiyamiz hozirga kelib afg‘on yo‘nalishida sezilarli ilgariladi. Biz bir necha yil davomida oʻzimizni afgʻonlararo muzokaralar maydoni sifatida taklif qilish orqali PR qilishga urindik (darvoqe, avvaliga bu urinishlar muvaffaqiyatsizlikka uchradi). Keyin 2021-yil iyul oyida yirik konferensiya o‘tkazdik, bu konferensiya, mutasaddi organlar ekspertlarining nazarida, Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatilishi uchun zamin yaratishi kerak edi Biroq, faqat Tolibon, aftidan, bu ekspertlarni o‘qimagan koʻrinadi: oradan bir oy ham o‘tmay hokimiyatni qoʻlga olib, G‘ani hukumatini agʻdardi. Bu borada bizga omad kulib boqdi. Imidj borasidagi yoʻqotishlarga oʻsha paytda u yerdan qoʻshinlarini olib chiqib ketgan amerikaliklar roʻbaroʻ keldi. Va bizdan hech kim hech qanday yechim kutmadi.