Get Mystery Box with random crypto!

MUSTAQILLIK DEKLARATSIYASI Yana kuz kelmoqda. Daryolar tindi. | PEGAS portali

MUSTAQILLIK DEKLARATSIYASI

Yana kuz kelmoqda.
Daryolar tindi.
Shildir-shildir oqdi pokiza suvlar.
Urgut bog‘lariga sukunat qo‘ndi,
Xazonlarni sekin shamollar quvlar.

Ota elim, endi sevingin, shodlan,
Istiqloling kelib chertdi darvozang.
Olis manzillarga shu tongda otlan,
Yo‘qolib ketmagay endi ovozang...

Nega quvonmaysan, toshmaysan jo‘shib,
Axir, mustaqillik keldi o‘lkangga?!
O‘ris amaldori yelkangdan tushib,
O‘z amaldoring... mindi yelkangga.

Nechun baxtdan yayrab, shod yashamaysan,
Nechun boshing egik, o‘zing ovvora?!
Endi sen Moskovga pul tashimaysan,
Endi sen ... Toshkentga tashiysan pora.


Sen yaydoq dalangda ishlagin kuyib,
Paxtangni hokimga topshiru quvon –
Poytaxt zavodlari turibdi quyib,
Ko‘ksingga shaqirlab taqarsan unvon!

Hasrating ko‘p – ichda, lek zo‘r – savlating,
Shod bo‘l, deb men o‘zim bo‘lolmasman shod.
Mana, ozod bo‘ldi buyuk davlating...
Bechora xalqing ham bo‘lsaydi ozod.


1990-yil, 20-iyun.
— Karim BAHRIYEV


Qora qalam - adabiyot haqida!