Get Mystery Box with random crypto!

Oʼqituvchilarga ovoz yigʼish uchun majburiy topshiriq berilayo | PEDAGOGLAR

Oʼqituvchilarga ovoz yigʼish uchun majburiy topshiriq berilayotgani toʼgʼrisidagi xabarlar vazirlik tomonidan jiddiy oʼrganilmoqda

Maʼlumki, 2021-yilda tajriba tariqasida boshlangan “Tashabbusli byudjet” loyihasi oʼtgan 2 yil davomida xalqimiz tomonidan iliq qabul qilindi. Bugungi kunda yurtdoshlarimiz oʼz hududidagi hal etilishi lozim boʼlgan qator masalalarni “Open budget” portaliga joylab, ovoz yigʼish orqali ushbu tashabbusda gʼolib boʼlish uchun harakat qilishmoqda.

Ushbu portalga joylanayotgan ijtimoiy loyihalar orasida maktabgacha va maktab taʼlimi muassasalarini taʼmirlash ishlari ham yetakchilik qiladi. Аlbatta, ushbu jarayonda oʼqituvchilar, oʼquvchilar hatto ota-onalar ham tashabbus koʼrsatib, oʼzlari mehnat qilayotgan, taʼlim olayotgan yoki farzandlari tahsil olayotgan taʼlim dargohini obod qilish uchun ovoz berishda shaxsiy tashabbus koʼrsatmoqda.

Biroq ijtimoiy tarmoqlar orqali joylarda baʼzi oʼqituvchilarga ushbu loyihada ovoz yigʼish uchun majburiy topshiriq berilayotgani, topshiriqni bajarishga beeʼtibor qarayotgan oʼqituvchilarga kerakli chora koʼrish bilan tahdid qilinayotganligi toʼgʼrisida xabarlar tarqalib, ular Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan jiddiy oʼrganilmoqda.

Ayni vaqtda “Vazirga murojaat” portaliga oʼqituvchilardan ushbu mazmundagi murojaatlar kelib tushmagan.

Shuni alohida taʼkidlash lozimki, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 14-avgustdagi tegishli qaroriga koʼra, pedagoglarni xizmat majburiyati bilan bogʼliq boʼlmagan ishlarga jalb qilish taqiqlanadi.

Hurmatli oʼqituvchilar, maktabgacha va maktab taʼlimi muassasalari xodimlari!

Аgar sizning taʼlim maskaningizda oʼqituvchilarni ushbu loyiha doirasida majburiy ovoz yigʼishga jalb etish holatlari kuzatilsa, vazirlikning Ishonch telefoni 71-202-09-09 ga qoʼngʼiroq qilishingizni soʼraymiz. Sizning murojaatingiz asosida ushbu yoʼnalishda qonun buzilish holati aniqlansa, tegishli masʼul xodimlarga zarur taʼsir choralari koʼriladi.

“Tashabbusli byudjet” loyihasi faqat tashabbusga asoslanadi, bunda hech kimni majburlashga yoʼl qoʼyilmaydi!

Maʼlumot uchun shuni ham qo'shimcha qilishni joiz deb topdim, yaqinda Oliy Majlis Senati tomonidan “Pedagog xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishiga toʼsqinlik qilganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan Oʼzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda Oʼzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodeksiga qoʼshimcha va oʼzgartishlar kiritish haqida”gi Qonun maʼqullandi.

Unda oʼqituvchilarni majburiy mehnatga jalb etganlik uchun jinoiy javobgarlikkacha boʼlgan jazo nazarda tutilmoqda. Yaʼni pedagog xodimni mehnatga maʼmuriy tarzda majburlaganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yohud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi belgilanmoqda.

Shuningdek, pedagog xodimlarni mehnatga maʼmuriy tarzda majburlaganlik uchun maʼmuriy jazo qoʼllanilganidan keyin xuddi shunday qilmishni takroran sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi norma Jinoyat kodeksiga kiritilmoqda.

Shunday ekan, oʼqituvchilarimizning kasbiy huquqlari Davlatimiz nazoratida ekanligini, ularni majburiy mehnatga jalb qilishga yo'l qo'yilmasligini unutmasligingizni so'raymiz.

Hilola Umarova,
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri

Kanalga ulanish
https://telegram.me/joinchat/AAAAAEPLryl8ixnJdIatOQ