Get Mystery Box with random crypto!

​​#taqriz Nodar Dumbadzening 'Kukaracha' asariga taqriz Gr | Pathos

​​#taqriz

Nodar Dumbadzening "Kukaracha" asariga taqriz

Gruziyalik mashhur adib Nodar Dumbadze (1928 - 1984) asarlarida aks etgan yuksak g'oyalar, ezgulik , mehr muhabbat , samimiylik, soddalik har qanday kitobxonni o'ziga maftun eta oladi. "Abadiyat qonuni" (1978) romani bilan millionlab adabiyot ixlosmandlari tahsiniga sazovor bo'lgan ijodkor bir qator qissa va hikoyalari bilan ham mashhur.
"Kukaracha" qissasi 1980-yilda yozilgan. Asar bosh qahramoni - Georgiy Tushurashvili. Kukaracha esa uning laqabi. U qorachadan kelgan yigit bo'lgani uchun shunday laqab qo'yishgan. Kukaracha 22 yoshli ichki ishlar komissarligining inspektori. Unga Orjonokidze rayonidagi voyaga yetmagan o'smirlar bilan ishlash vazifasi yuklatilgan. 
Qissa 12 yoshli bolakay Tamaz tilidan hikoya qilinadi. Asar Tamaz singari Kostya, Dudu, Kuchiko , Iracha ismli bolakaykarning beg'ubor sho'xliklari, o'yinlari, bilib bilmay qilgan "jinoyat" lari va ularga doimo yordamga keladigan, bolalarning sevimli qahramoniga aylangan Kukaracha taqdiri haqida hikoya qiladi. 
Kukaracha bolalarni yaxshi ko'radi. Shu sabab doimo ularni kuzatib yuradi, qiyin vaziyatlarda yordam beradi, ayblarini yashiradi. O'zi suzishni bilmasa - da, cho'kayotgan bolani qutqarishga oshiqadi.
Kukaracha sevib qoladi...
U Inga ismli dorixonada ishlaydigan juda chiroyli qizni sevib qoladi. Lekin Ingani Murtalo laqabli butunittifoq bo'yicha qidiruvda bo'lgan ashaddiy jinoyatchi ham yaxshi ko'radi. Murtalo Inganing yoniga hech kimni yaqinlashtirmaydi. Inga uni sevmaydi lekin juda qo'rqadi. Bir vaqtlar Inganing iltimosiga ko'ra jinoyatchini qochirib yuborgan Kukaracha endi uning o'qidan nobud bo'ladi...
Butun rayon ahli uchun sevimli insonning o'limi hammani, ayniqsa Tamazni larzaga keltiradi. Kukaracha juda oliyjanob, mard va mehribon inson bo'lganidan yosh- u qari birdek uni sevardi. 
Ushbu asarda bir bolakayning beg'ubor xotiralari, bolalik hayollari bilan birgalikda yuragida chuqur iz qoldirgan insonning fojiasi aks etgan.
Kukarachaning o'lganiga, shunday yigitning bunchalik oson o'lishi mumkinligiga hayron qolasiz. Xuddi, u o'lmagandek, hozir turib ketadigandek tuyuladi. Afsuski, u nobud bo'ladi... 
Nodar Dumbadze asarlarida doim bosh qahramonlar taqdirning eng og'ir zarbalariga duchor bo'lishadi." Abadiyat qonuni " da ham, " Hellados" da ham , " Kukaracha " da ham. Negadir, adib eng katta dardlarni bosh qahramonlari yelkasiga yuklaydi, asarlarida chuqur dramatizm ustun. Lekin shunga qaramay, hayotda ham asardagi qahramonlar singari insonlar borligi, ular bizning atrofimizda ekani taskin beradi.


t.me/sirli_kitobxon