Get Mystery Box with random crypto!

Bugun O‘zbekiston Respublikasining rasmiy Mustaqillik kuni. Ha | Diplomat (Sobirov)

Bugun O‘zbekiston Respublikasining rasmiy Mustaqillik kuni. Haqiqiy bayram qilishga arziydigan sana. Ammo, masalan Yangi yil bayramidek shukuhli emas. Nega? Sabab o‘sha 1991-yilda.

Kuni kecha SSSRning birinchi va so‘nggi prezidenti Mixail Gorbachyov vafot etdi. Aynan u va Yelsin postsovet respublikalari mustaqilligi asoschisidir. Agar Gorbachyov 1985-yil hokimiyatni egallab, qizil diktaturali davlatda demokratik islohotlar boshlamaganida biz hammamiz hozir paxta terimiga tayyorgarlik ko‘rayotgan bo‘lardik. Avgust tugashini xafsalasizlik bilan kutib olardik, chunki yilning faqat shu oyidagina to‘y qilishga ruxsat berilgan SSSR degan imperiyada. Sening xohishlaringni ham boshqaruvchi jirkanch davlat.

Gorbachyov davlatda “qayta qurish”ni boshladi. Mamlakatda demokratiya o‘sib chiqdi va diktatura bilan murosa qilmadi. Yovuzlik imperiyasi tarqalib ketdi. Uning so‘nggi jon talvasasi — GKCHP’ni Yelsin yo‘q qildi.

Shunday qilib ittifoqning ko‘plab davlatlari qon to‘kishlarsiz ozodlikka erishdi. Bu katta narsa, buni o‘nlab yillar davomida erkinlik uchun kurashgan, minglab insonlari ozodlik yo‘lida halok bo‘lgan xalqlar yaxshi tushunadi. Shu sabab ular uchun Mustaqillik bayrami haqiqiy shodiyona. Ular bu kun uchun jonini bergan qahramonlarni eslaydi va uning qanchalik qimmatli ekanini his qiladi. O‘zbekiston esa qo‘polroq qilib aytganda mustaqillikni sovg‘a sifatida oldi. Karimovchilar xafa bo‘lmanglar, birinchi prezidentga qolsa 2016-yilgacha SSSR tarkibida qolardi. Buni uning boshqaruvidan bilsa ham bo‘ladi: kommunistcha diktatura — muammo haqida gapiryotganning ovozini o‘chir, bo‘ldi muammo yo‘q.

Biroq bugungi kunda mustaqillikka erishish kabi uni saqlab qolish ham ahamiyatli. O‘zini SSSR merosxo‘ri deb biluvchi Rossiyaning Ukrainaga hujumi ko‘pchilikni, jumladan o‘zbeklarni ham sergak torttirdi. Imperialistik xarakterdagi davlat nishonida bo‘lish xalqdan yanada jipslashish va qa’tiyatli bo‘lishni talab qiladi.

Man aslida “inson qayerda o‘zini qulay his qilsa, yaxshi yashasa o‘sha yer u uchun vatan” g‘oyasini qo‘llayman. Lekin yoshlikda shakllangan qarashlarim sabab O‘zbekistonni yaxshi ko‘raman. O‘zbekistonda ham o‘zni qulay his qilish va yaxshi yashash mumkin albatta qachondir.

Men istardimki, O‘zbekiston boyligi uning xalqiniki bo‘lsin, bir hovuch insonlarniki emas.
Men istardimki, o‘zbek xalqi bilimli, o‘z huquqini talab qila olsin. Huquqini talab qilgan odamni yomon ko‘rib, korrupsionerga paxta qo‘ymasin.
Men istardimki, o‘zbeklar bag‘rikeng bo‘lsin, birovning hayotiga aralashmasin. “Sen nega ro‘mol o‘rading” yoki “sen nimaga kalta yubka kiyding” degan savollarni o‘ziga yaqin odamlarga bersin, begonalarga emas.
Men istardimki, O‘zbekistonda qonunlar ustuvor, jazo muqarrar bo‘lsin. Kimningdir farzandi yoki jiyani bo‘lgani uchun qonundan qochmasin.
Men istardimki, o‘zbeklar kim qanday mashina olganiga emas, kim qanday bilimga ega ekanligiga qiziqsin. Boy odam haq bo‘ladi degan qarashdan qutulsin.

Xullas istaklarim ko‘p edi aslida, yozishga erindim, chunki yozgan bilan baribir foyda yo‘q. Shu sabab hafsala ham yo‘q. Mayli Mustaqillik bayrami uni qadrlaydiganlarga muborak bo‘lsin!

@pan_diplomat