Get Mystery Box with random crypto!

Buyuk Britaniyada nimalar yuz berdi? Dunyo siyosiy maydonidag | Diplomat (Sobirov)

Buyuk Britaniyada nimalar yuz berdi?

Dunyo siyosiy maydonidagi bugungi eng muhim voqea — Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonsonning iste’foga chiqishini e’lon qilishi bo‘ldi. Barchasi shunga olib kelayotgan bo‘lsa-da, Jonsonning hukumatdan ketishiga ko‘pchilik, ayniqsa diktaturaviy davlatlarda yashovchilar ishonmayotgandi. Bosh vazirning o‘zi ham kechagi, Jamoalar palatasidagi nutqida hech qayerga ketmasligini aytgan edi.

U “mamlakat iqtisodiy bosimga uchrayotgan, byudjetga bosim ostida qolayotgan, Yevropada so‘nggi 80 yildagi eng katta urush davom etayotgan shunday og‘ir vaziyatda, biz hukumatdan o‘z ishini davom ettirishi, ishdan ketmasligi, diqqatni Britaniya xalqi uchun muhim bo‘lgan narsaga qaratishini kutishimiz kerak” degan edi parlament yig‘ilishida.

Biroq bugun Dauning stritda Boris Jonson iste’foga chiqishini va shu bilan birga Konservativlar partiyasi rahbari lavozimini ham tark etishini ma’lum qildi. Xo‘sh Britaniya bosh vaziri iste’fosiga nima sabab bo‘ldi o‘zi?

Jonson hukumatining inqiroziga sabab u tomonidan Kris Pincherning Konservatorlar partiyasi ma’sul lavozimga tayinlanishi bo‘ldi. Kris Pincher oldinroq, jinsiy tajovuz, erkak kishiga qiziqishlari sabab mojaro markaziga qolgan edi. O‘shanda u sportchi Aleks Storiga “xushomad” qilgandi. Biroq Konservativ partiya tergov komissiyasi 2017-yilning 23-dekabrida Pincher axloq kodeksini buzmaganligini aniqladi.
Ammo tergov komissiyasi xato qilgani shu yili ayon bo‘ldi, Kris tungi klubda ikki erkakka shilqimlik qilgani ommaga ma’lum bo‘lgach, 30-iyun kuni iste’foga chiqdi. Unga olti, xususan, deputatlarga shilqimlik qilish bo‘yicha ayblov qo‘yildi.

Lekin bu bilan mojaro tugamadi. Vazirlar va konservator deputatlari Jonson Krisning oldingi xatti-harakatlaridan xabardor bo‘lmagan holda uni davlat lavozimiga qabul qilganini aytdi. Biroq, keyinchalik bosh vazir Krisning “qiliqlari”dan oldindan xabari bo‘lgani ma’lum bo‘ldi. 5-iyul kuni BBC nashriga bergan intervyusida Boris Jonson Krisning ustidan shikoyatlar borligiga qaramay uni ishga olganini tasdiqladi va “jiddiy xato”ga yo‘l qo‘yganini tan oldi. Bosh vazir bu ishi uchun uzr so‘radi va oradan bir necha daqiqa o‘tib, uning hukumatidan ikki vazir iste’fo berdi. Ertasi kuni esa o‘ttizga yaqin amaldorlar hukumatni tark etdi. Amaldorlar Krisning davlat xizmatiga olinishini sharmandalik deb atadi. Konservatorlar va leyboristlar Jonsondan iste’foga chiqishni talab qildi va u bugun yuz berdi.

Jonsonning ketishi ichki siyosatda katta o‘zgarishlar olib kelinmasligi taxmin qilinayotgan bo‘lsa-da, tashqi siyosat, jumladan Ukrainani qo‘llab-quvvatlash qanday davom etishi biroz mavhum. Jonson boshliq Britaniya Ukrainani eng ko‘p qo‘llab turgan davlatlardan biri edi. Iste’foga chiqishini e’lon qilar ekan, Jonson Britaniya Ukrainani dastaklashni to‘xtatmasligiga va’da berdi.

Britaniyaning keyingi bosh vaziri hozirgi hukumatdagi Tashqi ishlar vaziri Liz Trass xonim bo‘lishi mumkin. Bosh vaziri keyingi haftada saylanadi.

@pan_diplomat