Get Mystery Box with random crypto!

Navoiy o‘zi qurdirgan madrasa talabalariga stipendiya berganmi | ONLINE TEST / tarix

Navoiy o‘zi qurdirgan madrasa talabalariga stipendiya berganmi?

Alisher Navoiy nafaqat buyuk ijodi, balki buyuk saxovatpeshaligi bilan ham tarixda nom qoldirgan.

U otasidan qolgan meros hamda davlat amaldori sifatida o‘ziga ajratilgan yerlardan keladigan daromad hisobidan Xurosonda uch yuz yetmishta xayriya muassasasi qurdirgan. Uning ana shunday ezgu ishlaridan biri Hirot shahridagi Injil anhori bo‘yida bunyod ettirgan Ixlosiya madrasasidir.

Navoiyning o‘zi qurdirgan binolarga shoirona chiroyli nomlar qo‘ydirish odati bo‘lgan. Ixlosiya madrasasining nomi maktabdosh do‘sti Sulton Husayn Boyqaroga bo‘lgan ixlosini, minnatdorchiligini bildirgan.

Navoiy talabalarning moddiy ehtiyojini ta’minlab turishga ham alohida ahamiyat qaratgan. Masjid va madrasaga ajratilgan yerlardan keladigan daromad evaziga talabalarga nafaqa, ishchilarga maosh, kundalik oziq-ovqat, kiyim-kechak berilgan. Manbalarda qayd etilishicha, Ixlosiya madrasasi mudarrislarining har biriga bir yilda bir ming ikki yuz oltin va yigirma to‘rt yuklik zaxira; yigirma ikki talabaning har biriga, tahsil darajasiga ko‘ra, o‘n ikki oltindan yigirma to‘rt oltingacha oylik (stipendiya) va ayricha zaxi­ra (oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqalar) berilgan.

Tarixchi va publitsist Umid Bekmuhammadning qayd etishicha, Alisher Navoiy bunyod ettirgan har bir madrasa talabalari uchun yuzta po‘stin, yuzta to‘n, yuzta chakmon, yuzta ko‘ylak, yuzta to‘nbon (cholvor), yuz juft kovush ulashardi. Shu kabi ularning uy-ro‘zg‘or anjomlari – kigiz, palos, bo‘yra, yoritqich shamlar uchun to‘rt yuz oltin pul sarf­langan.

Bundan tashqari, Navoiy qish faslida yanada ko‘proq saxovat ko‘rsatib, har kuni yigirma botmon non, uch tangalik go‘sht, agar go‘sht topilmasa, go‘ja oshi pishirtirib berardi. Bularning barchasidan Navoiy qurdirgan mad­rasalardan biri sifatida Ixlosiya madrasasiga ham ulush ajratilgan. Mazkur madrasaning talabalari ham Navoiy tortiq etgan chalpag-u holvalardan tanovul qilganlar. Demak, ushbu madrasadagi talabalarning oziq-ovqat va kiyim-kechak topish tashvishi bo‘lmagan. Talabalar madrasa hujrasidagi uy-ro‘zg‘or anjomlaridan tortib tunda dars qilishlari uchun yoritqich shamlargacha ta’minlangan.

Yana bir jihatga ahamiyat qaratish lozimki, qish faslida qor yog‘sa yoki tevarak-atrofdagi ariqlar balchiq va qum bilan to‘lib ketsa, tozalash ishlariga talabalar emas, farrosh xodimlar jalb etilgan yoki mardikor yollangan. Talabalarni darsdan qoldirib jamoat ishlariga jalb etish ma’n qilingan. Bundan shuni anglash mumkinki, Navoiy bunyod ettirgan madra­salarda, jumladan, Ixlosiya madrasasida ham talabalarning chuqur bilimga ega bo‘lishlari, ularning fikr-u xayollari faqat bilim olishda bo‘lishiga qattiq amal qilingan.

Xulosa qilib aytganda, Navoiy o‘zi asos solgan barcha madrasalar singari Ixlosiyaning moddiy-texnik bazasidan tortib, unda ta’lim beradigan mudarrislar, tahsil oluvchi ilmi toliblarning ahvolidan doimo boxabar bo‘lib turgan. Ularni ham moddiy, ham ma’naviy jihatdan rag‘batlantirib borgan.

@tobeuz — bu yerda hamma narsa bo'lishi mumkin...