Get Mystery Box with random crypto!

#dard Yaqinda siqilib yurgan dugonam bilan gaplashgan edim. Y | 🌊 OKEAN 🌊 Guloro Yusupova blogi

#dard

Yaqinda siqilib yurgan dugonam bilan gaplashgan edim. Yangi ishga o'tgani, oyligi yaxshimasligi, o'zini xarajatlarini qoplay olmayotganligi, uyidan hadeb pul so'rayotganiga xijolat bo'layotganini aytib biroz noligan edi. Nimaga xijolat bo'lasiz, ota-ona farzandiga pul berishdan og'rinmaydi, poytaxtda yashash oson emas, uni ustiga biz qiz bolamiz, qanday qilsak ham ota-onamizdan olmasak o'zimizni pulimizda baraka bo'lmaydi, yanayam biz talabamiz, asosiy vazifamiz ishlab pul topish emas, o'qish, hali umrimiz davomida ishlaymiz, pul topamiz xullas shunga o'xshash gaplar bilan o'zimcha nasihat qilgan bo'ldim. Lekin dugonam ota-onasiyam pul so'raganida unchalik ham yaxshi muomala qilmayotgani, shundan g'alati bo'layotganini aytib, ko'zida yosh aylandi. Eh hamma narsa o'z qo'limizda bo'lsa ekan, birovdan pul so'rab o'tirarmidik deb kulib qo'yudim. Lekin, baribir, fikrim o'z kuchida ota-ona farzandi uchun malollanmaydi. Qo'lidan kelsa-kelmasa qayoqlardandir topib bo'lsayam farzandi begona shaharda qiynalmasligi uchun mablag' yetkazib turadi.

Ammo, bugun shunday vaziyatga guvoh bo'ldimki, ba'zida ota-ona ham farzandining kamchiliklarini to'ldirib berish uchun chindan og'rinarkan. Balki, bu holat o'g'il bola bilan bo'lganda bunchalik erish tuyulmas edi. U bir kun oila boqishi kerak, har qanday holatga duch keladi, bunga ruhan tayyor bo'lishi kerak. Lekin qiz bola o'zini-o'zi eplashi fikriga hech qachon qo'shilmaganman. Qiz bola o'qishi kerak, ishlashi kerak, pul bilan muomala qilishni bilishi kerak. Lekin bu faqat dunyoqarashi keng bo'lishi, o'z avlodini munosib tarbiyalay olishi uchun, aslo o'zini-o'zi eplab yashashi uchun emas!

Agar qiz bola, ayol kishi o'zini-o'zi eplab yashashni boshlasa, keyin uni odatiy jamiyatga yot bo'lgan ego qamrab oladi. Unga mas'ul bo'lgan erkaklar otasi, akasi, erining xohishlari bilan hisoblashmay qo'yadi. Nima desangiz ham bu har bir ayolning qonida bor. Qiz bola, ayolga o'zini eplay olmayotganligi, kam pul topishini ta'na qilgan erkak nomard bo'ladi. (Endi bu umuman boshqa mavzu. Gapirsa gap ko'p.)

O'tkan yil bir qiz ham ishlab, ham o'qiydigan qizlarga qoyil qolishi va bir vaqtda rahmi kelishi haqida maqola yozgan edi. Maqolani o'qib o'z hayotim ko'z oldimdan o'tgan. O'qib turib ishlagan hamma ham zo'r maosh ola olmaydi. Buni har bir ota-ona to'g'ri tushunishi va farzandiga adolat qilishi kerak. Balki, ota-ona ham xohlamagan holda moliyaviy sharoitidan kelib chiqib ba'zida malollanib qolar. Lekin farzand uchun ham buni qabul qilish oson emas. Zero, har biringiz o'zingiz farzandingizni shunday o'zbekcha qadriyatda tarbiyalagansiz.

Agar fikrlarimga qarshilar bo'lsa, shunchaki ularning ham fikrini hurmat qilaman. Bu hammasi to'liq mening shaxsiy fikrim.

@okean_Guloro