Get Mystery Box with random crypto!

Kecha O‘zbekiston Milliy universiteti Tarix fakultetida Navoiy | O'zMU Tarix fakulteti

Kecha O‘zbekiston Milliy universiteti Tarix fakultetida Navoiy va Bobur tavallud kunlariga bag‘ishlangan intellektual bellashuv bo‘lib o‘tdi.

Tarixchi talabalarning Mir Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodi to‘g‘risidagi bilimlarini sinovdan o‘tkazish, ularni ilm-ma’rifatga undash va qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston tarixi kafedrasi tomonidan tashkil etilgan ushbu tanlovda o‘n to‘qqizta jamoa qatnashdi. Har biri olti kishidan tarkib topgan jamoalar ikki tur davomida yigirma to‘rtta savolga javob berdilar.

Tanlov savollari respublikamizdagi taniqli tarixchi va tilshunos olimlar, jurnalistlar hamda professor-o‘qituvchilar tomonidan tuzilgan bo‘lib, Navoiy va Bobur hayoti hamda ijodining turli qiziqarli jihatlarini qamrab oldi. Mazkur bilimdonlik bellashuvida fakultetning 114 nafar talabasi ikki ulug‘ adib merosi bo‘yicha yangi bilimlarga ham ega bo‘ldilar. Intellektual bellashuv Navoiy va Bobur g‘azallari asosida kuylangan qo‘shiqlarga ulandi.

Tadbir yakunida eng yuqori natijalarni egallab, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan to‘rt jamoa, shuningdek, faol qatnashgan yana to‘rtta jamoa homiylar tomonidan qimmatbaho tarixiy kitoblar bilan taqdirlandi.