Get Mystery Box with random crypto!

Kichik odam haqida... Guliston XTB rasmiysi 'dangal' bayonot | NeoJadid

Kichik odam haqida...

Guliston XTB rasmiysi "dangal" bayonot bilan chiqibdi. Ertaga sudga tortilsa, “men kichik odaman, davlat siyosatini bajardim, xolos” deydi. Va haq bo’ladi: din borasidagi davlat siyosati hamon sekulyarizmning sovetcha talqiniga asoslangani bois, ijrochilar uni jangovor ateizm bilan haqli ravishda adashtirib yuboryapti.

Lekin gap hozir elitaning davlat siyosatiga asos bo’layotgan fobiyalari haqida emas. Menga ko’proq mana shu, har qanday adolatsiz siyosatni ikkilanmasdan ijro etuvchi “kichik odamlar” psixologiyasi qiziq. Ertaga tolibonsifat hukumat iqtidorga kelsa, huddi shu Guliston XTB rasmiysini huddi shunday shijoat bilan hammani burqaga tiqadi.

“Kichik odam” har qaysi totalitar yoki avtoritar davlatning asosi hisoblanadi, zulm doimo mana shularning yordami bilan kuchda.

Masalan, 1926-yilda kompartiya O’zbekistonda “mafkuraviy front” ochdi. Ya’ni, mafkuraviy turfalikni yoqotib, o’rniga yaqona to’g’ri kommunistik aqidani o’rnatishga jiddiy kirishdi. Avvalo bu Islomga qarshi kurashni anglatar edi. Masjid va xonaqohlar yopildi, “Hujum” kampaniyasi boshlandi.
Garchi mafkuraviy fron g’oyasining muallifi yevropeetslardan iborat Kompartiya va OGPU bo’lsa-da, uni tatbiq etishda asosiy jonbozlikni mahalliy aholidan chiqqan faollar ko’rsatgan. Toshkentda shu faollar norozi mahalla ahlini o‘z haq-huquqidan mahrum qilish tahdidi ostida masjidni buzgan. G‘ijduvonda mahalliy partiya kotibi va bir necha faol masjidni buzishga chog‘langanida norozilar qishloqdan haydalishi haqida ogohlantirilgan. Qishloqning sobiq oqsoqoli Ashur oqsoqol bu qarorga o‘z roziligini berib, imzo cheksa ham, faollar namoz vaqtida uni minoradan turib masjid hovlisiga bavl qilishga majbur qilishgan. Va bunday misollar ko’p.

Kechagina musulmon bo’lgan faollar shunday shijoat bilan ishga kirishgan-ki, bu “jonbozlik” natijasida mahalliy aholi orasida norozilik va e’tiroz uyg‘onishidan qo’rqib ketgan kompartiya va OGPU ularni jilovlab turishga majbur bo’lgan. Masalan, OGPU Sredazbyurodan Ramazon oyida saharlikka chaqiruvchi do‘mbiralarni taqiqlagan Xo‘jand shahar ispolkomining qarorini bekor qilishni so‘radi, chunki bunday qaror sovet hukumati dinga qarshi kurashmoqda degan tasavvurni uyg‘otishi mumkin edi.

Bugungi o’zbek jamiyati ham “tinchligi” evaziga hamma prinsiplarini, o’z ruhini, ajdodlarining barcha sa’y-harakatlarini, avlodlarning butun kelajagini, imkoniyatlarini (va boyliklarini!) berib yuboradigan “kichik insonlardan” iborat.

O’zbek jamiyati oldida turgan eng asosiy tahdid ham shu “kichik odam”dan kelib chiqadi.

Neojadid maslagi demak “Kichik odam” sindromi nimadan iborat ekanligini anglashdan, uni qanday isloh etish mumkinligini tadqiq etishdan iborat.