Get Mystery Box with random crypto!

DUTORIM TORI IKKIDUR… Dutorim tori ikkidur: biri quvnoq, b | She'riyat

DUTORIM TORI IKKIDUR…



Dutorim tori ikkidur: biri quvnoq, biri mahzun
Ki, baytim satri ikkidur: biri dilxush, biri dilxun.



Nigorim chashmi ikkidur: biri yagʻmo, biri jodu,
Bu jodudan ikki koʻzim biri Sayhun, biri Jayhun.



Jahonda ikki dilbarning biri sensan, biri Laylo,
Jahonda ikki oshiqning biri menman, biri — Majnun.



Jahonda ikki yulduz bor: biri sensan, biri Zuhro,
Misoli ikki nuqtamning biri ostin, biri ustun.



Jahonning mehri ikkidur: biri sensan, biri oftob,
Tarozu pallasi ikki: biri yerdur, biri gardun.



Makoni ikki lochinning – biri qoya, biri osmon,
Qanoti ikki shoirning – biri oʻlka, biri ochun.



Gʻazal bitmakda sachrabdur koʻzimdan yosh, dilimdan oʻt.
Shu bois ikki satrimning biri qatra, biri uchqun.



Kelib bogʻ sayridan Erkin gʻazalga toʻlqin izlardim,
Kirib keldi ikki doʻstim: biri Sayyor, biri Toʻlqin.

1968

Erkin Vohidov