Get Mystery Box with random crypto!

ALISHER NAVOIY HAQIDA 20 MAʼLUMOT Nizomiddin Mir Alisher 14 | NAVOIY MIGRATSIYA

ALISHER NAVOIY HAQIDA 20 MAʼLUMOT

Nizomiddin Mir Alisher 1441-yilning 9-fevralida Hirotning Bog‘i Davlatxona mavzeyida, temuriylar xonadoniga yaqin bo‘lgan davlat xizmatchisi G‘iyosiddin Bahodir oilasida tavallud topgan.

Tarixchi Mirxond “Ravzatus-safo” asarida yozishicha, Mir Alisherning bobosi Amir Temurning o‘g‘li Umarshayx bilan emikdosh bo‘lgan.

Navoiyning ilmga bo‘lgan ishtiyoqi erta uyg‘onib, 4 yoshidan maktabda taʼlim ola boshlagan.

Navoiy 7 yoshida Farididdin Attorning “Mantiqut-tayr” asarini yoddan bilgan.

Mir Alisher 7 yoshida buyuk muhaddisimiz Buxoriy hazratlarining olti mingdan ziyod hadisi shariflarini yod bilgan.

Mir Alisher 7-8 yoshlaridan boshlab g‘azallar yoza boshlagan.

Alisher Navoiy "muqarrabi hazrati sultoniy" ("sulton hazratlarining eng yaqin kishisi") degan unvonni olgan. Unvon Navoiyga davlatning barcha ishlariga aralashish huquqini bergan.

Alisher Navoiy 15-16 yoshlarida ham turkiy, ham forsiyda ijod qiladigan “ikki tilli” shoir sifatida tanilgan.

Alisher Navoiy o‘smirlik yillarida o‘zi sevgan shoirlarning 50 ming baytdan ortiq sheʼrlarini yod bilgan.

Alisher Navoiy turkiy tilda yozgan sheʼrlariga Navoiy, forsiy tildagi sheʼrlariga Foniy deb taxallus qo‘yadi. Shoirning forsiy sheʼrlar to‘plami “Devoni Foniy” deb nomlangan.

Navoiyning sevgilisi sifatida tasvirlanadigan “Guli” ismi faqat xalq og‘zaki ijodida, Navoiy haqidagi rivoyat va afsonalarda uchraydi xolos. Bu nom Navoiyning hayoti haqida maʼlumot beruvchi yozma manbalarning hech birida uchramaydi.

Navoiy taxminan 18-19 yoshlarida Abdurahmon Jomiy bilan tanishadi. Jomiy uni ham farzand, ham shogird sifatida qadrlaydi. Keyinchalik bu ikki ulug‘ shoir o‘rtasidagi ustoz va shogirdlik munosabatlari yana-da mustahkamlanib, ijodiy hamkorlikka aylanadi.

Samarqand shahri Navoiyning hayoti va ijodida muhim ahamiyat kasb etadi. Alisher 1464-yilda Samarqandga keladi va bu yerda madrasada tahsil olib, ilm-fan, adabiyot va sanʼat bilan tanishadi.

Navoiy 1469-yilda do‘sti Husayn Boyqaroning taxtga chiqishi munosabati bilan 90 baytdan iborat “Hiloliya” qasidasini yozadi (“hilol” – yangi chiqqan oy).

Navoiy o‘z jamg‘armasi hisobidan Hirotda va butun Xuroson mamlakatida 300 dan ortiq inshootlar qurdirgan.

Alisher Navoiy 16 ta adabiy janrda ijod qilgan.

Navoiy turkiy tildagi ilk “Xamsa"ni 2 yil davomida yozadi. Dunyoning 64 tiliga tarjima qilingan bu asar 51 ming misradan ortiq.

Shoirning lirik merosi umumiy hajmi 50 ming misradan ortiq “Xazoyinul-maoniy” nomli to‘rt devon (1491—1498)ga jamlangan.

Alisher Navoiy 1501-yil 3-yanvarda vafot etgan. Uni dafn etish chog‘ida maydalab yomg‘ir yog‘ib turgan edi. Buni tarixchi Xondamir “hatto tabiat ham motam tutdi” deya taʼriflagan.

Navoiyning turkiy tilni qayta tiriltirishi maʼnaviyatimiz uchun ulkan jasorati bo‘lgan. Zahiriddin Muhammad Bobur "Turkiy til bila to sheʼr aytibdurlar, hech kim oncha ko‘p va xo‘b aytqon emas", — deb yozsa, Husayn Boyqaro "Mir Alisher turk tilining o‘lik jasadig‘a Masih nafasi ila jon ato etdi" deb taʼkidlagan.

Axborot kanallarimizni kuzatib boring

Telegram | Facebook | Youtube | Veb-sayt