Get Mystery Box with random crypto!

#Seminar TAKRORIY EKIN - QO‘SHIMCHA DAROMAD KELTIRADI Maʼlu | Narpay.uz | Rasmiy kanal

#Seminar

TAKRORIY EKIN - QO‘SHIMCHA DAROMAD KELTIRADI


Maʼlumki, tumanimizda 6152 gektar yer maydonlari takroriy ekin ekish uchun ajratilgan. Shundan 944 nafar ijtimoiy daftarlarda ro‘yxatda turuvchi fuqarolar uchun 660 gektar yer maydonlari ajratilayotgani, hozirda yer taqsimlash va ajratish ishlari jadal surʼatda davom etayotgani to‘g‘risida ham xabar qilgan edik.

Hozirga qadar ijtimoiy daftarlardagi fuqarolar uchun 385 gektar yer maydonlari ajratib bo‘lindi va qisqa muddat ichida to‘liq tugatilishi rejalashtirilgan. Shu kabi ushbu yerlarga ekin ekish ishlari 10-iyulga to‘liq amalga oshirilishi maqsad qilingan.

Viloyat masʼullari tuman hokimi, sektor rahbarlari va tegishli masʼullar navbatdagi xo‘jalikda yer ajratish tadbirida ishtirok etdi. “Oyto‘la” fermer xo‘jaligi dalasida tashkil etilgan seminarda har qarich yer maydonidan unumli foydalanish lozimligi xususida so‘z bordi.

Shuningdek, takroriy ekin uchun yer ajratishda fuqarolarning tadbirkorlik salohiyatiga, daromad olishga intilishiga alohida eʼtibor qaratish lozimligi, shu kabi “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyiliga amal qilish shartligi taʼkidlandi.

Seminar davomida g‘alladan bo‘shagan maydondan 30 nafar ishsiz yoshlar, band bo‘lmagan fuqarolar hamda fermer xo‘jaligi xodimlari uchun 0,30 gektardan yer ajratildi. Shuningdek, barcha ajratilgan yerlarga “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida sabzi ekishga kelishib olindi.