Get Mystery Box with random crypto!

— Vasiliy Vasiliyevich! Batalyondagi yigitlar zerikib qoldi. S | Muxbir Homidov

— Vasiliy Vasiliyevich! Batalyondagi yigitlar zerikib qoldi. Shaharga bir o‘t qo‘yib kelmaymizmi?
— E hech narsa yoqmayapti, - dedim men.
—Bormaysizmi? Mayli, o‘zim boraman, “Nazarov Samarqandni yondirib kul qildi”, deyishsin.
Birozdan so‘ng shahar tomondan quyuq tutun ko‘tarildi. Nazarov aytganini qildi, shekilli.
....Kaufman hazratlari manavi ipirisqilarga qat'iyat qanaqa bo‘lishini ko‘rsatish maqsadida butun shaharni jazolash, hech kimga shafqat qilmaslik haqida buyruq beribdi.
Jazolovchi qo‘shin safida bo‘lgan bitta askar menga quyidagilarni gapirib berdi:
«Bir qancha askar bilan bitta hovliga bostirib kirdik. Hech kim yo‘q. Ayvonda bitta keksa kampir askarlarga “omon, omon” deb yolvorardi. Bu “shafqat qilinglar” degani shekilli. Qarasak uning yonidagi ko‘rpacha tagida nimadir qimirlayapti. Kampir qurmag‘ur 16 yoshli nevarasini yashirmoqchi bo‘lgan ekan. Albatta uni tortib chiqarib, peshonasidan darcha ochdik. Buvisini ham ortidan jo‘natdik, albatta!”
Askarlar do‘konlarni ham rosa talon-toroj qilishibdi. Ba'zilari yovvoyilarning do‘konlaridan olingan rang-barang choponlarni kiyvolib tomosha ko‘rsatishdi. Rosa tomosha bo‘ldi, bunaqa miriqib kulmagandim yaqin orada.

Etnografiya uchun qimmatli narsalarni ham bu askarlarning qo‘lidan arzimas chaqaga sotib olish mumkin edi. Essiz, yong‘in paytida juda ko‘p hunarmandchilik buyumlari, yog‘ochdan ishlangan o‘ymakorlik namunalari ham yonib ketibdi. Rosa ichim achishdi.

Nazarov, sakkiz kunlik qarshilik va yetkazilgan zarar uchun yovvoyi shaharliklardan ayovsiz o‘ch oldi. Ular orasidan Sherdor madrasasi minoralaridan chiqib, askarlarimizni rosa o‘qqa tutgan ifloslar ham bor edi. Bu la'natilar shunaqa mergan ekan-ku, qancha mard yigitlarimizni halok qilishdi.

“Yaramaslarning ko‘pini madrasaning ichida qirib tashladim!” deya maqtandi Nazarov. Shu masjidda bitta mulla bilan tanishib qolgandim. Garchi u ham boshqalar qatori bizga o‘q otganidan shubhalansam-da, negadir unga achingandek bo‘ldim. Shu madrasani to‘pga tutgan askarlardan biridan so‘radim:

-Ichkarida odam ko‘pmidi?

-Yo‘q, uncha ko‘pmasdi, lekin ko‘pini qo‘ldan chiqardik, suvarakdek qochishdi o‘ziyam.

“Balki chol o‘lmay qolgandir” deb o‘yladim o‘zimcha.

-Faqat bitta qari mulla xuddi mushukdek minora tepasiga qochib chiqdi, - dedi askar.

-Xo‘sh, xo‘sh?

-Orqasiga nayza tirab, minoradan itarvordik, tushgan joyida jon berdi.

-Obbo...

Nihoyat shahar ahlidan boplab o‘ch olgan Kaufman hazratlari qo‘rg‘onimizga tashrif buyurdi. Ofiserlar qurshovidagi muhtaram Konstantin Petrovich papiros chekkancha, shohona kursida savlat to‘kib o‘tirar va beparvolik bilan bir gapni qaytaradi:

“Bularni otish kerak, otish kerak, otish kerak!”...



V.V.Vereshagin, «Russkaya starina» jurnali, Sankt-Peterburg, 1888, № 9.



Rustam Iqbol tarjimasi.

@haqiqatdaIlyos