Get Mystery Box with random crypto!

Razolatning niqobsiz qiyofasi Chor Rossiyasi harbiylaridan bi | Muxbir Homidov

Razolatning niqobsiz qiyofasi

Chor Rossiyasi harbiylaridan biri, rassom, yozuvchi va jurnalist Vasiliy Vereshaginning 1888 yilda Rossiyaning “Russkaya starina” jurnalida bosilgan bir maqolasiga ko‘zim tushdi. Undagi satrlarni o‘qishning o‘zi azob. Ammo, achchiq haqiqatdan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Ayniqsa, mustaqillikni nima ekanini tushunmaydigan, bosqinchilar qamchisini qo‘msaydiganlar urchiyotgan bir paytda bosqinchilar o‘z qo‘li bilan bitgan mana bunday “Iqrornoma”larni esdan chiqarmaylik...

“Samarqand 1868 yilda”
...Mahalliy hujumchilar janglar to‘xtagan paytda ham bizni tez-tez bezovta qilar, bir necha kishi bo‘lib, devor panalab bosib kelishar, ammo azamat soldatlarimiz chaqqonlik bilan ular o‘qqa tutib, pashshadek qirishar, omon qolganlari tum-taraqay qochib, in-inlariga kirib ketishardi. Ular ba'zida o‘t ochishganda, biznikilar g‘aflatda qolib faqat devoru quruq yerni portlatishardi xolos. Bu meni juda g‘azabga solar, har doim miltig‘imni shay holatda tutar, o‘sha paytda bu gazandalarning birortasi duch kelsa, naq miyasini yorardim.
Biz rasadxona yaqinidagi qo‘rg‘onda yaxshigina joylashib olgandik. Nazariov kazak askarni sigeretaga, meni esa, non va aroq olib kelishga jo‘natdi. Sigara kelgach, butun qo‘rg‘onni xurram bir kayfiyat chulg‘ar, hammayoq oppoq tutunga to‘lardi. Ertalab bir stakan choydan keyin achchiq sigareta yaxshi ketadi. Men ham bir yashigini sotib olib, qismdagilarga tarqatdim. Nazarov butun askarlari bilan qo‘nalg‘ada yonboshlab sigiret buruqsitardi. Men esa miltiqni quchoqlaganda devor panasida poylab turardim. Qo‘qqisdan hujum qiladigan yovvoyilarni quyondek otib qulatishning gashti boshqacha-da!
Men ikkita ana shunaqa “quyon”ni qanday ustalik bilan otib o‘ldirganimni hech esimdan chiqarolmayman. «Otishga shoshilma, - dedim o‘zimga o‘zim. – miltiq qo‘ndog‘ini mana bu yerga qo‘yib, barmog‘ingni tepkiga tirab tur”!” Shu payt bitta yovvoyi miltig‘ini yelkasiga osgancha, uvada choponda yo‘ldan o‘tib oldi. Shartta tepkini bosgandim, bir sakrab yer tishladi yaramas. O‘q shu qadar yaqindan otilgan ediki, qurbonimning choponidan oqib turgan uvada paxtalar ham yonib ketdi. Keyin olov jasadga ham o‘tib, kun davomida tutab yondi. Boyoqish o‘limi oldidan qo‘lini og‘ziga tiqqancha qotib qolgandi. Qop qora jasad bir hafta shu yerda yotdi, hamma safdoshlarimni uning ustidan o‘tib qaytib yurishdi. Ikkinchisini ham taxminan shu taxlit qulatgandim.
«Qoyil, Vasiliy Vasil'evich,— deyishardi askarlar, - bizdan qolishmayapsan!”
...Yaramas isyonchilar yaqin oradagi masjidga biqinib olishgandi. Biz masjidni egallash bo‘yicha ko‘rsatma oldik va tezda o‘t qo‘ydik. Qochib chiqqanlarni tiraqaylab o‘qqa tutdik. Qolganlar o‘sha yerda qurumga aylandi-yov! Kechga yaqin kuchli gumbirlash eshitildi. Masjid binosi qulab tushgandi. Biz qilgan ishimizdan lazzatlanish uchun masjid xarobasi usti chiqdik. Havo shunaqa toza, osmonda yulduzlar jimirlaydi. ...Bir kun avval varvarlar “urho-ur” deb rosa qiyomat qo‘porgandi. Bugun ularning o‘liklari cho‘zilib yotibdi.
Afsus... Biz bu jangda juda ko‘p azamatlarimizdan ayrildik. Men o‘zim ikki arava o‘lik yig‘dim. O‘zimiznikilar. Ko‘pchiligi endigina jon berayotgandi. Ayrimlari bilan yaqindagina tanishib do‘stlashgan, qadah to‘qishtirgandik. Essiz... Ular bilan hayotimning eng baxtli onlari birga o‘tdi, desam ham bo‘ladi. Birgalikda jang qilgandik, bir maqsad yo‘lida kurashgandik, qo‘rg‘onimizni himoya qilgandik.
Ochig‘i men biror marta biror mukofot haqida o‘ylamaganman. Lekin, hamma shu mukofot haqida gaplashardi: kimga qanaqa orden berisharkin? Kimning xizmati qanday baholanarkin? Baraka topkurlar, insof bormi? Ensam qotib, miltiq ko‘targancha, darvoza oldidagi minora tepasiga ko‘tarildim. Ajabmas bitta yarimta ajali qistagan pandavaqini otib o‘ldirsam.
...Men o‘z hujramga kirib, sakkiz kun mobaynida birinchi marta toza choyshab ustida uxlashga cho‘zildim. Uxlayman deyman, qani ko‘zim ilinsa? Asablarim ancha taranglashgan ko‘rinadi. Endi ko‘zim ilingan ekan, xonamga Nikolay Nikolaevich Nazarov otilib kirdi.