Get Mystery Box with random crypto!

FARZANDIM OʻQISHGA QIZIQMAYDI. NIMA QILISHIM KERAK? Bu ota on | Muslima ona kundaligi

FARZANDIM OʻQISHGA QIZIQMAYDI. NIMA QILISHIM KERAK?

Bu ota onalarning eng dolzarb muammolaridan biri.
Bolani oʻqishga qiziqtirish va bu qiziqishni soʻndirib qoʻymaslik ota onadan yaxshigina bilim va uzluksiz mehnat talab qiladi.
Koʻpchilik ota-onalar bolaning bilim olishi masalasida xatolarga yoʻl qoʻyadilar. Bularning eng asosiylari bolani qoniqarsiz natija uchun urushish hamda bolaga yaxshi oʻqish va yaxshi baholar uchun mukofot vaʼda qilishdir. Buning oqibatlarini koʻrib chiqamiz.

1. Yaxshi natija koʻrsata olmayotganda bola oʻzini ojiz va noʻnoq his qiladi. Sizning koyishlaringiz esa bolani yanada sindiradi. Tasavvur qiling, siz qancha harakat qilsangiz ham nonni chiroyli qilib pishira olmayapsiz va har safar qaynonangizdan taʼna dashnomlar eshitasiz. Shunda siz oʻzingizni qanday his qilasiz? Bolaning koʻngli hali nozik boʻlgani uchun bu his tuygʻularni sizdan koʻra bir necha barobar koʻproq va ogʻriqliroq his qiladi. Bolaga buni ravo koʻrmang.

2. Siz bolaga aʼlo baho yoki yaxshi natija uchun mukofot vaʼda qilasiz. Boshlanishida bu yaxshi natija berishi mumkin lekin bora bora bu odatiy holga aylanadi va bola sizning doimiy mukofotlaringizdan qoniqmay qoʻyadi, koʻproq talab qila boshlaydi. Siz esa doim bolani nimalarningdir evaziga oʻqita olmaysiz. Qolaversa, bu usulda bola bilim olish uchun emas, mukofot uchungina dars tayyorlaydigan boʻladi. Buning salbiy tomoni esa, bola mukofotni olish uchun qanday boʻlmasin darsni bajarishi kerak, xolos. Buning uchun u vazifalarni boshqa sinfdoshlaridan koʻchirib qoʻya qolsa ham boʻlaveradi. Bu oqibatlar qanday yomon!

Xoʻsh nima qilish kerak?

Eng avvalo bolangizning shaxsiy qiziqishlari bilan yaqindan tanishib chiqing va bolani mashgʻulotlarga oʻz qiziqishlaridan kelib chiqqan holda yoʻnaltiring.
Yomon natijalar uchun jazolayvermang. Bolani majburlayvermang!
Bolangiz nima uchun matematika yoki yozuv darslaridan aynan besh bahoga oʻqishi kerak? Nega boladan besh bahoni talab qilishingiz kerak? Va siz oʻzingiz unda darslarga qiziqish uygʻotolmagan holda?
Bolaning yaxshi oʻzlashtira olmasligi faqatgina bolaning shaxsan oʻziga bogʻliq emas. Bunda oʻqituvchining tajribasizligi, sinfda oʻquvchilarning koʻpligi ham omil boʻla oladi. Shuning uchun asosiy vazifa sizning zimmangizga yuklanadi.
Bola bilan birga shugʻullaning. Bu degani bolaning darslarini tayyorlab bering degani emas. Siz mashgʻulot va topshiriqlarni qiziqarli usullar, oʻyinlar orqali tushuntiring. Bolani oʻzi mustaqil bajarishga majburlamang! Bolaga koʻp vazifalar yuklamang va har bir darsning orasida dam olish vaqti bering.
Qoʻshimcha mashgʻulotlarni esa albatta bolaning qiziqishlaridan kelib chiqqan holda tanlang. Bola sizning xohish istaklaringizni bajaradigan obyekt boʻlmasligi kerak.
Bolangiz qachondir oʻzi mustaqil ravishda tanlagan mashgʻulotidan zerikishi ham mumkin. Bunday holda ham bolani aynan shu sohadan ketishga qattiq majburlamang, shunchaki siz unga motivatsiya bering, yana davom ettirishga qiziqtirib koʻring. Bu ish bermasa, bolaning oʻziga qoʻyib bering, qiziqayotgan boshqa mashgʻulotini tanlayversin. Chunki baʼzilar rivojlanishning vertikal yoʻnalishiga mansub boʻlsalar, baʼzilar esa gorizontal rivojlanishga xos boʻladilar.

Dars qilish jarayonini bola boʻgʻadigan muhit sifatida qabul qilmasligi kerak. Bunda esa sizning rolingiz katta. Bolaga nima uchun oʻqib oʻrganish kerakligini, sabab va oqibatlar, natijalarni chiroyli qilib tushuntirib bering. Bilimli va bilimsizning yashash tarzidagi farqlarni koʻrsatib bering. Qaysi biri afzalligini his qildiring. Bolani kichik natijalar uchun ham olqishlang. Chunki sizning nazdingizda kichik boʻlgan bu natija bola nazarida katta ish va bola bu uchun mehnat qildi, kuch sarfladi. Uning erishayotgan natijalari bilan faxrlaning. Bu yaqinlaringiz, boshqalarning oldida boʻlsa yanada yaxshi!

Ozoda HABIBULLAYEVA

@Yosh_onalarga_maslahatlar
@Marhabo_Karimova_sherlari
@Ayollar_uchun_retseptlar
@Muslima_ona_kundaligi
@Uddaburon_bekalar
@Foydali_tibbiyot_uz
@Homiladorlik_davri
@Dildagii_Satrlar
@Ogilmi_Qizmi
@metrikafoto
@love_ifor