Get Mystery Box with random crypto!

Nima uchun Germaniya (DAAD) emas Irlandiya? GrantGO loyihasi | Musayev blogi

Nima uchun Germaniya (DAAD) emas Irlandiya?

GrantGO loyihasi va o'zim o'tishni boshlagan kurslardan bildimki bizda Germaniyada o'qishga bo'lgan qiziqish juda baland. Men esa tayyor to'liq qoplanuvchi grantni bekor qilib o'tiribman. Qanaqadir Irlandiya degan davlatni deb )

Nima uchun bu qarorga keldim degan savolga javob ko'pchilik uchun qiziq bo'lsa kerak. Bugun va nihoyat shu haqida aytib o'tmoqchiman.

1. Irlandiyadagi magistr dasturi Germaniyadagiga qaraganda menga ko'proq yoqdi
Irlandiyada ham Germaniyada ham deyarli o'xshash soha IT va Biznes kesishgan magistratura dasturlariga topshirgan edim. Lekin Germaniyadagi dastur ko'proq texnik, Irlandiyadagi esa ko'proq biznes tomonga urg'u bergandi. Menga aynan hozir 2-si ko'proq qiziq bo'lgani uchun Irlandiya qiziqroq tuyuldi. Bundan tashqari Germaniyada o'qish qay darajada qiyin ekanini ko'pchilikdan eshitdim. Dangasaroqligim sabab bunday yuklama bilan o'qigim kelmadi.

2. Nemis tilini bilmayman va o'rganishdan foyda ko'rmadim (hozircha)
Ko'zingizga qanchalik yomon ko'rinmay men DAADni nemis tilini bilmasdan turib yutdim. Nemis tilini o'rganish esa menga kelajakda faqat Germaniyada yashab qolsamgina kerak bo'lar ekan. Bu narsa rejamda yo'q bo'lganligi sababli uni o'rganishga unchalik qiziqmadim. Yangi tilni o'rganishga qo'shimcha vaqt ham ketar edi. Irlandiya esa 99% ingliz tilida so'zlashuvchi davlat. Shu sabab u yerda ingliz tilimni mustahkamlab olish imkonim bo'ladi.

3. Ayni damda 2 yil magistr uchun ko'pdek tuyuldi
Ikki yil umrimni magistr uchun sarflagim kelmadi. Baribir aniq bilaman magistraturada ham menga hamma narsani miyamga quyib qo'yishmaydi. U ko'proq networking va dunyoqarashni kengaytirish uchun kerak. Shu sababli menga 1 yil ham yetadi deb o'yladim. Irlandiyada esa ko'p magistr dasturlari Britaniyadagi kabi bir yil.

4. Irlandiya ko'proq mustaqillik berardi
Moliyaviy jihatdan olib qaraganda DAAD Irlandiya Hukumati grantidan ancha yaxshiroq bo'lishi mumkin. DAAD o'zim oldimdan katta xarajat qilmasligim aniq edi. Lekin Irlandiya Hukumati grantining menga hozirgacha eng yoqqan tomoni uni yutgandan keyin g'olibni "o'z holiga tashlab qo'yishi" bo'ldi. Albatta bu kimgadir g'alati eshitilar. Lekin men kabi erkinlikni yaxshi ko'ruvchi odamga bu to'liq jarayonni qiyinchiliklari bilan his qilish uchun ayni muddao bo'ldi.

5. Tabiat
Negadir chet elda o'qish haqida o'ylasam doim chekkaroq shaharda tabiat qo'ynida o'qishni orzu qilardim. Men o'qishni boshlaydigan Cork shahri esa ayni shu orzum uchun yaratilgandek. Germaniya shaharlaridan ko'ra menga shu tabiat qiziqroq tuyuldi.

#masters #ireland #goi_ies #daad

@musayev_blogi