Get Mystery Box with random crypto!

'Madaniyat va ma'rifat' endi kerak emas...mi? Oyina.uz nashr | Муҳрим

"Madaniyat va ma'rifat" endi kerak emas...mi?

Oyina.uz nashrining xabar berishicha, “Madaniyat va maʼrifat” telekanalini yopib, o'rniga Madaniyat va turizm vazirligi tasarrufidagi "Karvon" nomli telekanal tashkil qilish rejalashtirilmoqda. Bundan oldinroq shu nashrda adabiyotshunos, bir paytlar katta hodisa bo'lgan "Hayrat" turkum ko'rsatuvlari muallifi Rahmon Qo'chqorning "Kimgadir kerak bo‘lmagan madaniyat va ma’rifat bizga kerak!" nomli maqolasi ham e'lon qilingan edi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 30-iyuldagi qarori asosida tashkil etilgan, MTRK tizimidagi madaniyat, san'at, adabiyotga oid ko'rsatuvlarga ixtisoslashgan yagona telekanalni nima sababdan yopish rejalashtirilayotgani ochiqlanmagan. Bungacha kanalda jonli efirga uzatilgan "Yoshlar nima xohlaydi" ko'rsatuvi va "Qaqnus" loyihasida yangragan Najmiddin Ermatov she'ri ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo'lgan edi.

“Madaniyat va maʼrifat” o'rniga tashkil qilinishi kutilayotgan kanalning "Karvon" deb nomlanishiga qaraganda, uning turizmga ixtisoslashuvini taxmin qilish mumkin. Biroq, bir necha yil oldin Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov "Dunyo bo‘ylab" kanalini "Turizm 365" kanaliga o‘zgartirish rejalari haqida xabar bergan edi. Umuman, "Dunyo bo‘ylab" kanalining rasmiy saytiga ko'ra, "mamlakatimizning diqqatga sazovor maskanlari, muqaddas qadamjolari, noyob tarixiy-me’moriy obidalari to'g'risiidagi ilmiy-ommabop va ma’rifiy teledasturlarni yaratish" aynan "Dunyo bo'ylab" kanalining vazifasi hisoblanadi. Demak, madaniyat va san'at yo'nalishidagi yagona telekanalni yopishga zarurat yo'q (agar kanalning yuqorida aytilgan kabi ancha dadil ko'rsatuvlari bunga sabab bo'lmagan bo'lsa, albatta).

Shunchali ma'lumot uchun. Ko'p davlatlarda madaniyat va san'atga ixtisoslashgan alohida kanallar faoliyat yuritadi: "Abay TV" (Qozog'iston). "Madaniyat" (Qirg'iziston), "Kultura" (Rossiya), "Kultura" (Ukraina), "Kultura" (Polsha), "Rai 5" (Italiya), "Arte" (Fransiya, Germaniya) ...