YUVIN, DO‘MBOG‘IM Korney Chukovskiy (Moydodir) Тo‘shagim ham | MAHORAT MAKTABI
YUVIN, DO‘MBOG‘IM
Korney Chukovskiy
(Moydodir)
Тo‘shagim ham
Qochdi birdan,
Choyshab-chi, parvoz etdi
Turmayin tek,
Qurbaqadek
Yostig‘im sakrab ketdi.
Qo‘l uzatsam,
Shamga endi,
U pechkaga —
Yashirindi.
Yaqin borsam
Irg‘ib kitob,
Karavotga qochdi shitob.
Choy ichgim kelib tursam,
Samovarga yugursam —
U baqaloq mendan afti —
O‘tdan qochganday chopdi.
Nima bo‘ldi?
Ne gap rosti?
Hamma narsa
Ostun-ustun.
Bir aylanar,
Gir aylanar.
G‘ildirakdek —
Zir aylanar.
Somsa ham
chopar tetik,
Ortidan —
dazmol
kosov —
Belboqqa
bo‘lmas
yetib.
Hamma narsa o‘mbaloq,
Tinmay oshar do‘mbaloq.
Bilsang har kun ertalab,
Sichqon, mushuk erkalab,
O‘rgimchak, qo‘ng‘iz va g‘oz,
Yuvinishar ro‘yirost.
Yuvinmading sen faqat,
Kir-chirlaring qatma-qat.
Oyim yotgan uydan shu choq,
Qo‘lyuvgich qing‘ir oyoq
Chopib chiqib tarak-tarak
Va der boshin qilib sarak:
„Senimi, irkit, yaramas,
Bet yuvmagan cho‘chqacha.
Mo‘rkonchidek aft~angor,
Es kirmas qachongacha?
Bir qaragin o‘zingga:
Bo‘yin-boshing qaqoch-yasmoq,
Burning osti qurum-qasmoq,
Shu ham qo‘lmi, uyat-ku o!
Tashlab ketdi shiming hatto,
Shiming hatto, shiming hatto
Qochdi kirmay so‘zingga.
Mog‘or uchun boshbog‘ing
Qochdi paypoq, boshmog‘ing...
Men-chi ulkan qo‘lyuvgich,
O‘sha mashhur Moydodirman.
Qo‘lyuvgichlar boshlig‘i,
Mochalkalar komandiri —
Tan-sog‘liqqa foydadirman.
Yerni tepib chaqirsam,
Shu xonada bo‘lar jam
Mening barcha askarim,
Qo‘lyuvgich lashkarlarim.
To‘s-to‘polon ko‘tarib,
Adabingni berishar.
Sendek mog‘or irkitning
Holiga voy deyishar.
Eshit asli, gap tagin,
Bilsang, Peterburgdagi —
Moyka degan anhorga,
Xuddi shunday joy bor-da,
Naq boshingni tiqishar“.
U mis jomni urdi turib,
Jarangladi: „Taraq-turuq!“
Yetib keldi shu payt cho‘tka,
O‘zin urib suvdan o‘tga,
Rosa ishqab so‘zlar edi,
So‘zlar edi:
„Mo‘rkonchini yuvamiz,
Toza, toza, xo‘p toza.
G‘uborini quvamiz,
Soz-a, soz-a xo‘p soz-a!“
Birdan sovun irg‘ishlab,
Sochlarimga yopishdi.
Ariday chaqib, tishlab,
Ko‘pirdi, terga pishdi.
Quturgan ishqagichdan,
Qochdim kaltak yeb badan.
Bog‘ko‘cha, sayhon bo‘ylab,
Quvar meni hoy-hoylab.
Tavr bog‘idan shoshib o‘tdim,
Devoridan oshib o‘tdim.
Ortda qolmay quvar birdek,
Goho tishlar qashqirdek.
Xiyobonda uchrab qoldi,
Shu payt tanish Timsoh polvon.
Sayr qilarkan o‘g‘il-qizi,
To‘tash, Ko‘ktash uchovlon.
Ishqagichni zum o‘tmayin,
Laqqa yutdi zaxchadayin.
Keyin Timsoh baqirdi
Menga qarab.
Oyoq tirab chaqirdi,
Menga qarab:
"Qani uyingga tez qayt,
Yuz-ko‘zingni yuvib, art!
Yo‘qsa bir tashlanaman
Ikki yamlab, yutaman!"
Mingga qo‘yib chopib keldim uyimga,
Qadrdonim Moydodir qo‘lyuvgichga.
Sovun bilan, sovun bilan,
Sovun bilan, sovun bilan,
Yuvindim hech to‘xtamay.
Tozaladim yuzimdan
Moy, siyohni qoldirmay.
Sakrab chiqdi qo‘limga
Shimim ham shu ondayoq.
Somsam ham qaytib keldi
-Yeb olgin meni, o‘rtoq!
Ortidan buterbrodim
Og‘zimga bo‘ldi qopqoq.
Ortiga qaytdi kitob,
Daftarim ham yonimga.
Grammatika va hisob
Raqsga tushdilar birga
Shu payt ulkan qo‘lyuvgich
O‘sha mashhur Moydodir.
Qo‘lyuvgichlar boshlig‘i
Mochalkalarga komandir.
Hirom aylab, oldimga keldi yurib
Gap boshladi, uzu ko‘zimdan o‘pib:
"Mana endi suyaman men seni!
Mana endi maqtayman xo‘p seni!
Va, nihoyat, sen kabi irkitvoy
Moydodirning ko‘nglidan oldi joy.
Kir~chir yurgan,
Yuvinmagan,
Mo‘rkonchilarga esa
Uyat! Uyat!
Ko‘p yashasin sovunlarni —
Atirlisi,
Hamda yumshoq sochiqlarning —
Tatir isi.
Yaxshi, biroq
Mayin taroq,
Tish poroshok bizlar uchun —
Qadrlisi!
Qani endi, yuvinaylik zavqqa botib,
Cho‘milaylik, sho‘ng‘iylik, quloch otib;
Tog‘orada, jomoshovda, paqirda,
Daryo, ariq, okeanda axir-da.
Vanna, jomda, hammomda,
Hamisha, har dam, har on —
Suvga bo‘lsin sharaf-shon!
t.me/MTT_xodimlariga