Get Mystery Box with random crypto!

Ovozsiz yig‘lagan ko‘zlarni ko‘rdik, Tomchilar ortida ummonlar | 𝕂𝕌ℕ𝔻𝔸𝕃𝕀𝔾𝕀𝕄📝

Ovozsiz yig‘lagan ko‘zlarni ko‘rdik,
Tomchilar ortida ummonlar bordir.
Sukunat ortida bo‘ronlar tirik,
Ko‘nishlar ortida isyonlar bordir!

Gunohni gunoh deb bilmaslik gunoh,
Sotmang, kasot bo‘lib bo‘lgan bu qadr!
Ozorlar haqqini so‘raydi Alloh,
Ko‘ngillar ortida insonlar bordir!

Oyoq-qo‘llar butu, yuraklar mayib,
Ko‘rib qo‘y til zaxri nelarga qodir.
Yurakka sanchilgan o‘qda ne ayb,
Uni qotil qilgan kamonlar bordir!

Har ishda bir xayr, har ishda xikmat,
Sinovdir taqdirda ne bo‘lsa sodir.
Dard ham beriladi yetguncha toqat.
Yaxshini tanitgan yomonlar bordir!

Zahmat kelar bo‘lsa shukrdan qolma,
Unutma, nima bor sendan ham nodir?!
Ko‘ngling og‘ridimi?
Ko‘ngilga olma...
Boshingda hali ne davronlar bordir!

Ko‘ngillar ortida insonlar bordir...

Malik Salimova