Qoʻlimdan kelsachi sizni unutmoq,
Uddalay olsamchi voz kechishni ham?!
Yengilib, bosh olib ketsachi firoq,
Bir pulga teng boʻlib tugasa alam?!
Yana Bahor kelsa gullasamchi duv,
Yana yonib qarshi olsamchi Kuzni?!
Yonimda bir koʻngil tursachi suluv,
Tanimay oʻtsamchi koʻrganda sizni...
Kimdir joylasachi joniga,
Sevib,
Kimnidir eritib qoʻysam mehrda?
Siz ham oʻzgasini quchoqlab turib,
Meni kutsangizchi mushtoq, sabrda...
Qoʻlimdan kelsachi sizni unutmoq,
Boshqa butlamasam buzilgan uyni.
Sizga mumkin boʻlmas hatto sogʻinmoq,
Oʻzgaga sevdim deb aytganim kuni!
Ichim achiyapdi sizga negadir,
Bahorda hech kim bir eslamas Qishni.
Bizni yaxshi koʻrib turganda kimdir,
Yaxshi koʻrmaslarni unutish ishmi?!
Malika Salimova
@moychechak_ifori