Get Mystery Box with random crypto!

Asosiy savdo hamkorlarimiz bilan savdo. Iyul oyida asosiy sa | Mirkonomika

Asosiy savdo hamkorlarimiz bilan savdo.

Iyul oyida asosiy savdo hamkorlarimiz orasida faqat Rossiyadan importimiz qisqargan. Iyul oyida Rossiyadan importimiz o’tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 6% ga qisqargan. Ta’kidlab o’tish kerakki, bu tendensiya urush boshlanganidan buyon birinchi marta kuzatilmoqda. Rossiyadan importimizning qisqarishi asosan Rossiya iqtisodiyotining qisqarib borishi hamda urushdan oldingi davr bilan taqqoslaganda nisbatan qadri yuqori saqlanib qolayotgan rubl sabab bo’layotgan bo’lishi mumkin. Boshqa asosiy hamkorlarimiz orasida, Qozog’istondan importimiz ketma-ket ikki oy(may, iyun) qisqarishdan keyin yuqori suratlarda o’sishni qayd etdi(o’tgan yilning mos oyi bilan taqqoslaganda 19% o’sish)

Yana bir e’tiborga molik jihat shundan iboratki, Urush boshlangandan buyon Xitoydan importimizning o’sish tempi har oy sekinlashib bormoqda. Xususan, mart oyida importimizning o’sish tempi 60% ni tashkil etgan bo’lsa, bu ko’rsatgich aprelda qariyb 29% ni, mayda 21,5%, iyunda, 17% hamda iyul oyida 12% ni tashkil etgan. Xitoydan importimiz o’sayotganligiga qaramasdan, o’sish tempining sekinlashib borayotganligi albatta qiziq tendensiya.

Iyul oyida Rossiyaga eksportimizning o’sishi urush boshlagan davrdan buyon eng yuqori ko’rsatgichni qayd etdi. Xususan, iyul oyida Rossiyaga eksportimiz o’tgan yilning iyuli bilan taqqoslaganda 62% ga o’sgan. Ta’kidlash kerakki, urush boshlagandan buyon, faqatgina mart oyida Rossiyaga eksportimiz qisqargan. Keyingi barcha oylarda eksportimizning yuqori suratlarda o’sishini kuzatilmoqda. Huddi Rossiya bilan bo’lgani kabi Qozog’iston bilan ham eksportimiz iyul oyida urush boshlangandan buyon eng yuqori o’sish ko’rsatgichini qayd etgan. Ammo Qirg’izistonga eksportimiz iyul oyida qariyb 30% ga qisqarganligi kutilmagan holat bo’lgan.

Iyul oyida kuzatilgan yana bir qiziq jihat mamlakatimizning Xitoyga eksporti qariyb 9% ga qisqarganligi bo’lgan. Yana bir yirik hamkorlarimizdan bo’lgan Turkiyaga eksportimiz iyul oyida qariyb 15% ga qisqarganligini kuzatishimiz mumkin. Ta’kidlash kerakki Turkiyaga eksportimiz may oyida ham qisqargan edi. Bu tendensiyani doimiy ravishda qadrini yo’qotib borayotgan lira Turkiyaga eksportni qimmatroq qilib qo’yayotganligi bilan izohlash mumkin.

@Mirkonomika