Get Mystery Box with random crypto!

bugun menda men istagan, izlagan kitoblarning ko‘p qismi bor. | utopia

bugun menda men istagan, izlagan kitoblarning ko‘p qismi bor. o‘qishda davom etyapman. bugun menda eng kitobxon do‘stlar bor, hammasi bir-biridan kitobxon, mutolaani sevishadi.

bugun menda shaxsiy kitoblarim, kitoblarimning esa pechati bor: «ism-familyam.ning shaxsiy kutubxonasi» deb yozilgan (shu o‘rinda rahmat aytib ketmoqchiman pechatni yasattirib sovg‘a qilgan insonimga! necha yillardan beri ishlataman, har safar ishlatganimda esa sizni eslayman...). shu paytgacha kimgaki kitob sovg‘a qilgan bo‘lsam kitobning birinchi va 17-betlariga albatta pechat bosilgan.

bugungacha men bir qancha yozuvchilar, tahrirchilar, muharrirlar bilan ko‘rishib-tanisha oldim... choylashdim, qahvalashdim, fikr almashdim, muhokama qildim. imzolangan kitob sovg‘alari oldim.

bugungacha toshkentdagi barcha nashriyot do‘konlariga, imkonim qadar ko‘plab kitob do‘konlariga va albatta kutubxonalarga borib ko‘rganman: muhit va sharoitni solishtirib ko‘rganman. yana nashriyotlarga rahmat aytib o‘tmoqchiman borsang iliq kutib olishadi, kitob sovg‘a qilishadi, fikringni so‘rashadi (hech esimdan chiqmaydi «hali o‘qib chiqmadim-ku» deb uyalsang, normal qabul qilishadi ham).

2015-yil bir videoda «kindle» degan narsani ko‘rib qolganman bitta qizning qo‘lida. bu nima ekan deb o‘ylab izlashga tushgandim, ungacha hech kimda ko‘rmaganman va eshitmaganman bunaqa e-book reader borligini. keyin bilgach men: «olaman! menda ham bo‘ladi shunaqasi!» deb, endi mana bir hafta bo‘ldi olganimga. o‘ylab qarasam, mana bugun menda shaxsiy «kindle» ham bor. okie, bu kim uchundir kichik narsadir lekin men uchun emas, men uchun emas! 2007-yil yaratilingan narsani 2015-yil ko‘rib olishni xohlab, 2022-yil olgan odam uchun bu oddiy narsa emas.

shu paytgacha o‘qigan kitoblarimni sanamaganman. bilganim kam o‘qiganman, yo‘q bu kamtarlik emas(!) haqiqatda kam ochiq aytaman buni. qancha o‘qisangiz tushunasiz qanchalik kam o‘qib kelganimizni. aytishga uyalib boshlar ekansiz, g‘alati hislar kelib boshlaydi. keyin, men hozir kitob tanlamayman va hammaning tanlovini o‘ta hurmat qilaman ularni muhokama qilmayman.

«mana shu kitobni o‘qing» deb hech kimni majburlamayman, kitob tavsiya qilmayman. istagimni (mumkin bo‘lsa) va biror kitob haqida fikrimni so‘rashsa aytishim mumkin.

kim o‘zarga kitob o‘qimayman, tezlikka ham o‘qimayman, majburlab o‘qimayman o‘zimni. qachon o‘qigim kelsa, xohish bo‘lganda o‘qiyman. chalg‘iyotganim sezsam yoki noqulaylik his qilsam shunchaki kitobni yopiq qo‘yaman, shu qadar uzayib ketganki oylab kitob o‘qigim kelmagan paytlar ham bo‘lgan hayotimda. keyin iziga tushib ketar ekan, o‘tkinchi hislar ekan buning bari.

nima uchun kitob o‘qishimni bilaman, nimaga kerak ekanligini ham bilaman, uzoqlashsam sayozlashib borayotganimni ham his qilaman. bularni tushunish uchun esa vaqt kerak bo‘lgan. hammasi oddiy va oson. vaqt.

keyin yana bir narsa, hozirgacha biror kitobdan biror «qahramon»ni sevib qololmaganman. odatda qizlarning birinchi muhabbati janob Darsi bo‘larkan «g‘urur va andisha»dan. hehee menda unday bo‘lmagan. lekin, boshqa qahramonlarni sevib qololmadimda qiziq-qiziq. yoki bog‘lanib qolishni xohlamaganman yoki «keyin hayotda ko‘p narsa kutib yuborishim, solishtirib qo‘yishim mumkin», deb o‘ylaganmanmi bilmasam.

lekin kitoblardan minnatdorman menga gapirishni o‘rgatgan, his qilishni ham. katta sabab shu deb o‘ylayman, ichimdagi hislarimni va gaplarimni odamlarga gapirganimda o‘zimga g‘alati tuyilmaydi, erish tuyilmaydi. yozgan narsamni so‘zda ham ayta olaman: «qanday bo‘lsam hayotda ham shundayman, borim shunday oddiy».

so‘nggida, kitoblar bilan nimani xohlagan bo‘lsam hammasiga birin-ketin erishyapman. bugungacha odamlarga kitob o‘qib berib kelganman, ammo o‘zim tinglamaganman. shu niyatni olib qo‘yganman baribir chekaga «o‘sha yuqorida aytganim sevimli odam kelsa, vaqti kelib albatta menga kitob o‘qib berishini istayman va jim eshitaman». bu oddiy biroq yoqimli niyatlardan bittasi.

sizlarni yaxshi ko‘raman yolg‘iz bo‘lib yolg‘iz emaslar, ovunchni va borliqni kitoblardan izlab, dardini mutolaaga to‘kkanlar. qadrlayman deb, sizlarning utopian.