Get Mystery Box with random crypto!

TESHIK KАMZUL Bir kamzulim bor edi, Kiysa, odam uyalar, Chunk | Motivatsiya

TESHIK KАMZUL

Bir kamzulim bor edi,
Kiysa, odam uyalar,
Chunki olmadek joyin,
Yeb qoʼyishgan kuyalar.

Qishda uni ehson deb,
Berdim muhtoj qoʼshnimga,
Oʼsha kuni shu kamzul,
Kirib qoldi tushimga,

Oʼtganmishman olamdan,
Chorshanbaning tongida,
Turganmishman doʼzaxning,
Shundoqqina yonida.

Emishman shir yalongʼoch,
Na molim bor va na pul,
Koʼzlarimda daxshatu
Qoʼlimda yirtiq kamzul

Oh, u olov, u azob!
Qovrilarmish odamlar,
Qayta-qayta yonishib,
Sovrilarmish odamlar.

Oʼt mengayam urarmish,
Yoqay deb yuz, koʼzimni,
Shu teshik kamzul bilan,
Toʼsarmishman oʼzimni.

Faqat, yirtiq joyidan,
Har gal jonim kuyganda,
Der emishman: «Qaniydi,
Kamzul butun boʼlganda».

Essizgina tiriklik,
Qursin kiyib, yeganim,
Shumi yorugʼ dunyodan,
Oʼzimga obkelganim ?!

Oh, qoʼshnim-a, shungayam
Suyunib "Rahmat!" degan,
Olgani-chun rahmatni —
Men aytsam boʼlar ekan.

Kiyimlarim javonga,
Sigʼib turardi arang,
Sandiqda qancha lattam —
Qolib ketdi, eh, attang.

Qarindoshlar ichra ham
Qiynalganlar bor edi,
Chehrasidan bilardim,
Kim nimaga zor edi.

Gadoy soʼrasa yuz soʼm,
Javrardim ensam qotib,
Tabassum bilan emas,
Berdim yuziga otib.

Bilsam, muhtoj qoʼliga —
Tutqazganim bir tillo,
Oxirat sandigʼimga —
Tusharkan boʼb ming tillo.

Yigʼib merosxoʼrlarga —
Qolib ketar molimni,
Oʼylamabman oʼzim-la —
Olib ketar molimni.

Yoshligimda har neni —
Deyaversam "meniki ",
Bobom derdi: "Ey, bolam,
Bergan narsang — seniki.

Kiyintirgan kiyinar,
Yedirganlar yeydilar,
Birini kiysang, birin —
Ehson qilgin ", derdilar.

"Shosh, —derdilar, — yaqinda
Muhtoj odam qolmaydi,
Sadaqa qilay desang,
Hech bir odam olmaydi.

Xoh yashirin, xoh oshkor,
Ehson qilgin koʼpmi, oz,
Hatto, tabassuming ham —
Jannatga bir imtiyoz.

Qarashib qol, Shoislom,
Miskinning osh, noniga,
Oʼlmay turib, kirib ol —
Jannatning ayvoniga".

Yirtiq kamzulni ushlab,
Bir narsani oʼylardim:
Bilganimda toʼnimni,
Ehson qilgan boʼlardim.

Yaqinlarga ulashing
@mativatsiya