Get Mystery Box with random crypto!

Umar Xayyom — Gʻiyosiddin Adbulfath Umar Ibn Ibrohim al Xayyom | Matematikadan repetitor

Umar XayyomGʻiyosiddin Adbulfath Umar Ibn Ibrohim al Xayyom (tahminan 18.05.1048 — 1123) — faylasuf, astronom, matematik, fors-tojik shoiri. U ijtimoiy hayotda dindorlarning kirdikorlarini fosh qilib, ular haqida erkin fikr yuritib, diniy qarashlarini chilparchin qildi.

Xayyom Ibn Sinoning bir qator kitoblarini arabchadan fors tiliga o‘girdi va sharhlab berdi. Xayyom Ibn Sinoni ustoz deb bildi va “Koinot va uning vazifalari” kitobida uning fikrlarini davom ettirdi.

Xayyom matematikani o‘rganib, uning taraqqiyotiga muhim hissa qo‘shdi. U tenglamalarni tahlil qilib, ularni 25 ko‘rinishga ajratdi, uchinchi darajali tenglamalarni yechish haqida fikr yuritdi. Uchinchi darajali tenglamalarni 14 sinfga ajratib, ularni yechish usullarini, yechimlarining chegarasini, musbat yechimlar sonini aniqlash kabi masalalarni hal qildi.

Xayyom ikkihad yig‘indisining kvadrati va kubi formulalariga asoslanib, butun musbat sonlardan kvadrat va kub ildiz chiqarish hind usulining isbotini, ularni har qanday butun ko‘rsatkich uchun tatbiq qilish mumkinligini, irratsional sonlarning boshqa sonlar bilan teng huquqli ekanligini, geometriyani algebra bilan bog‘lashni, algebraik masalalarni geometrik usulda yechishni va boshqa muammolarni fanga birinchi bo‘lib kiritdi.

U Nyuton binomini bilardi, chunki uning asarlarida binomial koyeffitsiyentlarni hisoblashga doir misollar uchraydi. Xayyom, parallel to‘g‘ri chiziqlar nazariyasini o‘rganib, parallellik aksiomasi haqida fikr yuritdi. Uning fikrlari keyinchalik Nikolay Lobachevskiy tomonidan quvvatlandi.

Xayyomning bilim doirasi keng ekanligini hisobga olib, Saljuq sultoni Malikshoh uni saroy olimi darajasigacha ko‘tardi va unga kalendar tuzishni topshirdi. Uning tuzgan kalendari (1079) amalda qo‘llanmay qolgan bo‘lsa ham, Yevropada undan besh yuz yil keyinroq qabul qilingan va hozirgi kungacha amalda qo‘llanilayotgan Grigorian kalendaridan ancha-muncha aniq bo‘lgan.

@matematikadan_repetitor