Get Mystery Box with random crypto!

​Puasson Simeon Deni (21.06.1781 — 25.04.1840) — fransuz matem | Matematikadan repetitor

Puasson Simeon Deni (21.06.1781 — 25.04.1840) — fransuz matematigi, mexanigi, fizigi, hozirgi zamon matematik fizika asoschisi, professor (1806), Parij FAning a’zosi (1826). Yevropa va Amerikadagi ko‘pgina akademiyalar va jamiyatlar a’zosi.

Puassonning yetuk olim bo‘lishida hayot tajribasi muhim rol o‘ynagan. Uning otasi o‘rtahol amaldor bo‘lib, fransuz revolyutsiyasi davrida shahar jamoatchiligini boshqargan. U voyaga yetayotgan o‘g‘li Puassonning notarius bo‘lishini orzu qilgan. Lekin oilasining boshqa a’zolari Puassonning jarroh bo‘lishini xohlaganlar.

Jarroh bo‘lishga yosh Puassonda xohish bo‘lmagan. Shunga qaramay, Puasson oila a’zolarining maslahati bilan shifokorlik o‘qishiga kiradi. O‘qish davrida o‘tkazgan bir operatsiyasi muvaffaqiyatsiz chiqqan, shundan so‘ng u shifokor bo‘lishdan butunlay voz kechgan. Keyin Puassonni o‘rta maktabga o‘qishga beradilar. Bu o‘qish bola hayotida muhim burilish yasaydi. U “Politexnik maktab” jurnalini (otasi yordamida bunday jurnallarni olib turgan) mustaqil o‘qigan va unda keltirilgan masalalarni yechishga harakat qilgan.

Puasson politexnika maktabiga (1798) eng yuqori ball bilan kirib, uni a’lo baholarda bitirdi. Ayniqsa, matematika va adabiyotga ko‘p qiziqardi, chizmachilikni esa uncha yoqtirmasdi. Chizma chizishda reysfedrni ishlatolmasdi. Puassonning bu no‘noqligini ko‘rgan professorlar undan injener chiqmasligini, lekin nazariy masalalarni hal qilishga zo‘r qobiliyati borligini sezib, uni chizmachilik darslaridan butunlay ozod qiladilar.

U talabalik davrida “Noma’lumlarni chiqarish usuli” (1800) maqolasini e’lon qildi. Argon so‘ziga qaraganda Puassonning bu to‘rt sahifali ilmiy ishi E. Bezuning 460 sahifali “Algebraik tenglamalar umumiy nazariyasi” kitobining butun mazmunini yoritgan. Puasson asarlari 350 ga yaqin bo‘lib, hozirgi zamon matematikasini rivojlantirishga katta hissa qo‘shdi.

“Sferoidlarning tortishishi haqida” (1835) va “Tortish nazariyasi tenglamasi haqida mulohaza” (1813) kabi asarlari tortishish kuchi nazariyasiga alohida qiziqish paydo qildi. Mexanikaga doir ikki tomlik asarida (1811) J. L. Lagranj va P. L. Laplas g‘oyalarini davom ettirgan. U aniq integral, xususiy hosilali differensial tenglamalar, katta sonlar qonuni (Puasson qonuni), noma’lumni yo‘qotish usuli, yig‘indi nazariyasi kabi masalalarni hal qildi.

Natijada Puasson nomi matematik analiz, elektromagnetizm, ehtimollar nazariyasi va akustikaga doir darsliklarda uchray boshladi. Uning nomi fan tarixida o‘z zamondoshlaridan Laplas, Lagranj, Furye, Koshi, Amper, Gey-Lyussak, Frenal kabi olimlar bilan bir qatorda turadi.

@matematikadan_repetitor