Get Mystery Box with random crypto!

Nega Oʻzbekiston boy boʻlishi haqida qaygʻuraman? Bir necha | Masofatalim™

Nega Oʻzbekiston boy boʻlishi haqida qaygʻuraman?

Bir necha kun prezident maktablari bitiruvchilari va domlalari bilan gaplashdim. Hammamiz bilganimizdek, prezident maktablarida aholini boyroq qismini bolalari tahsil oladi — sababi tushunarli: iqtidor bilan birga, ota-onasida imkoniyati koʻproq bolalar oʻsha imtihonlardan oʻta olish ehtimoli balandroq boʻladi. Xohlasangiz, test qilib bilsangiz boʻladi, yoningizdagi shunday maktabga hafta oxirida borib koʻring: aksar oʻquvchilarni ota-onasida avtomobil mavjud, buni ustiga qimmatrogʻida koʻpchilik keladi. Bu albatta hayratlanarli narsa emas. Tushunarli narsa. Lekin hamma tan oladiki, oʻsha maktablarda taʼlim sifati nisbatan baland, yaxshi ovqat berishadi, sinflar kichik, maktabda chiroq ham oʻchmaydi. Taʼlim yaxshiroq boʻlgani uchun, tabiiyki, natijalar ham yaxshiroq.

Nega Oʻzbekistonning boy boʻlishi nega aloqador? Javob oddiy. Maktab qamrovi. Prezident maktablariga bir yilda 336 nafar Oʻzbekistonlik qabul qilinadi. Butun respublikadan, taxminan 700 ming oʻquvchidan, 336 tasigina shu maktabda oʻqishadi, bu 0.04% atrofidagi raqam. Shunday maktablarda, yuzdan bir oʻquvchilarimiz oʻqishi uchun, yaʼni mamlakatdagi atigi 1% oquvchida shunday imkoniyat boʻlishi uchun, prezident maktablari 7000 ming oʻquvchini, yaʼni 6600ta koʻproq oʻquvchini olishi kerak. Demak Prezident Maktablar soni 20 barobarga oshishi kerak.

Qoʻshni Qozogʻistonda “taʼlim segregatsiyasida” ayblanadigan Nazarboyev Intellektual Maktablarida (ularda ham xuddi bizdek Keymbridj tizimi boʻyicha oʻqitiladi) 70 mingdan koʻproq oʻquvchi oʻqiydi. Bir yilda taxminan ikki foiz oʻquvchi shunday maktablarga kiradi. Ularda  bizdan qariyb 40 barobar koʻproq oʻquvchi shunday maktablarda tahsil oladi. Agar Qozogʻistonga tenglashmoqchi boʻlsak, prezident maktablari sonini 40 martaga (yana 560 ta yangi prezident maktabi kerak) koʻpaytirishga toʻgʻri keladi.

Lekin, orzuga ayb yoʻq degandek, tasavvur qilaylik — hamma bolalar prezident maktablaridek sharoitda oʻqish imkoniyatlari boʻlishi uchun, qancha pul kerak? Hisob-kitob qilib koʻrsak, ularni umumiy byudjeti 665.2 milliard soʻm ekan. Xomroq hisob kitob qilsak (har bir maktabni xarajatlarini topa olmadim), bir oʻquvchiga 20 ming dollar atrofida mablagʻ ketar ekan (bu agentlikni hamma maʼmuriy va boshqa hisoblar bilan birga). Bizda nechta oʻquvchi bor? Olti milliondan koʻproq. Koʻpaytirsak, 126 milliard dollarni tashkil qiladi. Yillik yalpi ichki mahsulot ham bunday koʻrsatkichda emas, davlat byudjetini gapirmasak ham boʻladi.

Qandaydir maʼnoda yetilmaydigan orzudek tuyulishi mumkin, lekin agar har bir Oʻzbekistonlik oʻquvchi gʻarbdagi maktablarga oʻxshagan maktablarda oʻqish imkoniyatiga ega boʻlishini xohlasangiz, Oʻzbekiston hozirgidan bir necha oʻn barobar boyroq mamlakatga aylanishi kerak. Buni qanday qilish kerak? Oʻsha doim aytiladigan masala, siyosiy va iqtisodiy islohotlar kerak. Maʼno shundaki, islohotlar qilinmasa, koʻpchilik oʻquvchilar yaxshiroq maktablarda oʻqishi uchun shunchaki mablagʻ yetarli emas.

Bekzod Hoshimov, iqtisodchi

@masofatalim