Get Mystery Box with random crypto!

Qaasob shoir turkumidan yettinchi she'r... Do'stlarim ko'p ki | Mantiqiy Bosh Qotirmalar | Jumboqlar | Savollar

Qaasob shoir turkumidan yettinchi she'r...

Do'stlarim ko'p kitob o'qirdi,
Men bozorda savdo qilardim.
Ular to'mtoq she'rlar to'qirdi,
Men bozorda savdo qilardim.

Ishga borish tong sahar ayni,
Qaytib kelish kami yettida.
Bolalikning gullagan payti,
Shu bozorda o'tib kettida.

Bo'lib o'tgan voqea bu ham,
Xaridori bir aziz keldi.
Go'yo odam shakliga kirgan,
Yonimga bir pariqiz keldi.

Unga deb go'sht kesar ekanman
Menga qarab jilmayib turdi.
Va o'shanda birinchi marta,
Yuragim sal boshqacha urdi.

Sevib qoldimmikan bilmadim,
Yo aqldan oza boshladim.
Qonga botgan qo'llarim bilan,
To'mtoq she'rlar yoza boshladim.

Keyin bilsam u bir oilaning,
Qizi ekan bitta-yu bitta.
So'ng bozorga bordim men faqat
U kelarmi degan umidda.

Haftada bir qisqa uchrashuv,
O'tib ketdi ikki yil shunday.
Sevishimni men aytmadimu,
U aytishga uyaldi jinday.

Bir kun keldi (o'sha mash'um kun)
Birinchi bor menga dil yordi,
Berishmoqchi meni dediyu,
Keyin xo'ngrab yig'lab yubordi.

Nima derdim: singlim bu taqdir,
Erga chiqar hamma qiz bir kun.
Axir taqdir hamisha haqdir,
Yig'lash kerakmasku shu uchun.

Keyin kelib otamga aytdim,
Dada ayam charchabti jinday.
Otam aytdi besh yil ishlagin,
Shunaqangi bir to'ylar qilay.

Qolgan ishlar mayda chuyda gap ,
Taqdiridan kuygan yigitman.
Jondan ortiq suygan qizimning,
To'yida qo'y so'ygan yigitman.

Kech bo'lgandi kech bo'lmaganda,
Oh qanchalar g'avg'o qilardim.
Hamma to'yda otarkan xanda,
Men bozorda savdo qilardim.

To'y tugadi musiqa tindi,
Yuragimdan nedir uzildi.
Uxlolmadim men o'sha tunda...
Ko'nglim, yana nedir buzildi.

Eng qizig'i to'ydan keyin ham,
U go'sht uchun kelib turadi.
Balki o'zi sezmayin zimdan,
Menga azob berib turadi.

Ishq boshimga solmadi nelar,
Hammasiga indamay ko'ndim.
Har payshanba u go'shtga kelar,
Har payshanba buzilar ko'nglim...

Mirzo Ozod.