Get Mystery Box with random crypto!

JADIDLAR Taqdir erkalatgan qizlar, yigitlar Sohilda sayr qili | Manaviyat.edu.uz

JADIDLAR

Taqdir erkalatgan qizlar, yigitlar
Sohilda sayr qilib, atirgul hidlar.
Xayolchan boqadi g‘oziy shahidlar...
Jadidlar yetishmayapti, jadidlar.

Shaxsiy namuna yo‘q, chunki Ibrat yo‘q,
Olimlar juda ko‘p, bitta Fitrat yo‘q,
Shu sabab majol bor, kuch bor, qudrat yo‘q,
Jadidlar yetishmayapti, jadidlar.

Ular g‘isht qo‘ygan, biz toshlar otamiz,
Ular so‘z yig‘ganlar, biz gap sotamiz,
Ular kun kutgan, biz oylik kutamiz,
Jadidlar yetishmayapti, jadidlar.

Tavallo, Qodiriy, Cho‘lponlar qayda?
Hamzaxonlar qayda, Usmonlar qayda?
Og‘iz juda katta, yuraklar mayda,
Jadidlar yetishmayapti, jadidlar.

O‘shalar bizlarning bobolarmikan?
Bizdan o‘zlarini topolarmikan?
Bizni nabiram deb tan olarmikan?
Jadidlar yetishmayapti, jadidlar.

Ular maktab qurgan, biz uy quramiz,
Ular g‘oya surgan, biz o‘y suramiz.
Yoppa tomoshabin bo‘lib turamiz,
Jadidlar yetishmayapti, jadidlar.

Iqbol Mirzo

Rasmiy sahifalarimiz: Telegram | YouTube