Get Mystery Box with random crypto!

23-mavzu EKOLOGIK MADANIYAT: BUGUN VA KELAJAK Insoniyat o‘z | MA'RIFAT DARSI | МАЪРИФАТ ДАРСИ

23-mavzu

EKOLOGIK MADANIYAT: BUGUN VA KELAJAK


Insoniyat o‘zining tadrijiy rivojlanish bosqichida bevosita tabiat bilan ekologik munosabatda bo‘lishi va undan o‘zboshimchalik bilan foydalanishi oqibatida jahon miqyosidagi ekologik muammolarning kelib chiqishiga sababchi bo‘ldi, desak, aslo mubolag‘a emas.

Ekologik madaniyat – ongli ravishda shakllanib boradigan tuyg‘u bo‘lib, uni hayotimiz davomida amaliy harakatlarimiz bilan rivojlantirib borishimiz va unga amal qilishimiz lozim. Sodda qilib aytganda, ekologik madaniyat atrof-muhitga nisbatan ijobiy munosabatimiz, ya’ni tabiat va atrof-muhitni asrash oilada, maktabda, mahallada, har bir jamoada shakllanib boradigan qadriyatdir.

Mamlakatimizda tabiiy resurslardan foydalanishning huquqiy me’yori va miqdorini belgilash hamda ushbu talablarga rioya etilmagan holatlarda huquqiy javobgarlik choralarini qo‘llash masalalari bilan bog‘liq munosabatlar tartibga solingan. Xususan, Asosiy qonunimizning 62-moddasida «Fuqarolar atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga majburdirlar», 68-moddasida esa «Yer, yer osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy resurslar umummilliy boylikdir, ulardan oqilona foydalanish zarur va ular davlat muhofazasidadir» degan konstitutsiyaviy-huquqiy normalarning belgilanganligi ham mamlakatimizda istiqomat qilayotgan fuqarolarning tabiiy resurslarga nisbatan ekologik madaniyatga ega bo‘lishini talab qiladi.

Bundan tashqari, foydalanishimiz nazarda tutilgan tabiiy resurslar alohida milliy qonunlar bilan huquqiy tartibga solinganligi ham muhim ahamiyatga ega. Jumladan, tabiatni va atmosfera havosini muhofaza qilish, suvdan foydalanish, ekologik ekspertiza, yer osti boyliklari, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, ekologik nazorat, o‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish, hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risidagi o‘nga yaqin qonunlar va kodekslarda huquqiy normalar o‘z aksini topgan.

Qayd etish kerakki, milliy qonunchiligimizda ekologiya sohasidagi huquqiy munosabatlarning barcha jihatlari tartibga solingan bo‘lsa-da, ekologik ta’lim yo‘nalishida ilg‘or milliy va xorijiy tajribani o‘rganish, ular asosida ta’lim oluvchilarda ekologik madaniyatni shakllantirishning aniq parametrlari ishlab chiqilmaganligi atrof-muhitga va umuman tabiatdagi tiklanmaydigan tabiiy resurslarga bo‘lgan munosabatlarning ijobiy emasligini bildiradi. Aholining ekologik madaniyatini shakllantirish va bu boradagi ishlarni takomillashtirish maqsadida Harakatlar strategiyasi doirasida davlatimiz rahbarining 2019-yil 30-oktabrdagi «2030-yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining Atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi farmoni imzolandi va amalga tatbiq etildi.