Get Mystery Box with random crypto!

17-mavzu O‘ZBЕKNING TURKMAN SHOIRI Maxtumquli 1733-yilda Gu | MA'RIFAT DARSI | МАЪРИФАТ ДАРСИ

17-mavzu

O‘ZBЕKNING TURKMAN SHOIRI

Maxtumquli 1733-yilda Gurgan daryosi sohilidagi Hoji-govshan qishlog‘ida tavallud topgan. Uning otasi Davlatmamat Ozodiy ham shoir bo‘lgan. Maxtumquli boshlang‘ich ta’limni oilada o‘z otasidan olgan. So‘ng qishloq maktabida Niyozsolih mulla qo‘lida o‘qigan. Dastlab Xalach atrofining Qiziloyoq qishlog‘idagi Idrisbobo madrasasida, keyinchalik Buxoroning Ko‘kaldosh, Xivaning Sherg‘oziy madrasalarida o‘qigan. Nizomiy, Firdavsiy, Fuzuliy, Navoiy singari mashhur shoirlar ijodidan ilhom olgan.

Shoir lirik she’rlar, lirik-epik dostonlar, g‘azal va muxammaslar yozgan. Bizgacha uning lirik, falsafiy, pand-nasihat xarakteridagi 10 ming misradan ortiq she’rlari yetib kelgan. Maxtumquli she’rlarida turkman xalqining hayoti, urf-odatlari, o‘z davrining muhim ijtimoiy-siyosiy hodisalari, o‘zining ichki kechinmalari teran ifoda etilgan.

Ijodkorning ishq-muhabbat mavzuyidagi she’rlari ham ohangdorligi, chuqur falsafiy mohiyati bilan ajralib turadi. Shoirning hayot va o‘lim, inson va borliq, go‘zal insoniy fazilatlar va odob-axloqqa oid she’rlari diniy qadriyatlarimiz hamda tasavvufiy qarashlar bilan yo‘g‘rilgan. Bu foniy dunyoning o‘tkinchiligini nazarda tutib shoir shunday yozadi:

Makoningdir, xoki zamin qucharsan,
Bir karvonsan, diyoringga ko‘charsan,
Mavsum guli so‘lar, qurir, o‘charsan,
Ovozing gum bo‘lar, tila mehmondur.

Uning ijodida Vatanga muhabbat g‘oyalari alohida o‘rin egallaydi. Shoirning ana shu ruhdagi quyidagi satrlarini she’riyat ixlosmandlari yaxshi bilishadi deb o‘ylaymiz:

Mastona yurguncha g‘ayri yurtinda,
Unib-o‘sgan o‘z yurtingdan ayrilma.
Mag‘rur kaklik kabi nafsing ug‘rinda
Doma tushib, qanotingdan ayrilma!

Maxtumquli uslubi xalq og‘zaki ijodiga juda yaqin, ana shu bebaho manbadan oziqlangan. Shuning uchun ham xalqona, oddiy odamlarning dilidan joy oladi. U o‘z she’rlarida turkman xalqining maqol va matallaridan, iboralaridan mohirona foydalangan. O‘z navbatida shoirning ko‘plab purma’no misralari ham turkman millatining hikmatli so‘zlari, maqollari qatoridan o‘rin olgan.

Maxtumquli she’riyati barcha turkiy millatlar, jumladan, o‘zbeklarning ham ma’naviy mulkiga aylangan. Uning she’rlari o‘zbek tiliga qayta-qayta tarjima qilinib, kitob holida nashr etilgan. Ko‘plab she’rlari hofizlar tomonidan kuyga solib aytiladi. Ayniqsa, Komiljon Otaniyozov, Sherali Jo‘rayev, Murodjon Ahmedov, Ortiq Otajonov, Kamoliddin Rahimov, Bahrom Nazarov kabi san’atkorlar uning she’rlari asosidagi qo‘shiqlarni yuksak mahorat bilan ijro etishgan.

Adabiy do‘stligimiz abadiy do‘stligimiz omillaridan biridir. Shu ma’noda shoir ijodi o‘zbek xalqining turkman xalqi bilan qardoshlik, do‘stlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Bugungi kunda O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik munosabatlari tobora chuqurlashib bormoqda. Mamlakatimizda har ikki xalq uchun birdek qadrli bo‘lgan Maxtumquli shaxsiga nisbatan ehtirom o‘ziga xos o‘rin egallaydi.
Jumladan, poytaxtimizda ulug‘ shoir nomidagi ko‘cha bor hamda unga yodgorlik o‘rnatilgan. Eng muhimi, o‘zbek kitobxoni o‘zining turkman shoiri bo‘lgan Maxtumquli ijodini sevib mutolaa qilib kelmoqda. San’at shaydolari uning she’rlari asosida kuylanadigan qo‘shiqlarni jon qulog‘i bilan tinglashadi. Quyida uning ijodidan ayrim namunalarni e’tiboringizga havola etamiz.

Bobomurod TOSHEV tayyorladi.

Телеграмда ўқинг / Telegramda o'qing

Ворд шаклида ўқинг / Word shaklida o'qing

ПДФ шаклида ўқинг / PDF shaklida o'qing

Кирилл алифбосида ўқинг / Kirill alifbosida  o'qing

Рус тилида ўқинг / Читать по русски

2024 йил барча мавзулар /  2024 yil barcha mavzular