Get Mystery Box with random crypto!

46-mavzu BAYROQ – HURLIK TIMSOLI, EZGULIK RAMZI Bayroq atama | MA'RIFAT DARSI | МАЪРИФАТ ДАРСИ

46-mavzu

BAYROQ – HURLIK TIMSOLI, EZGULIK RAMZI

Bayroq atamasi eski turkiy atama bo‘lib, u bundan ming yillar avval ham aynan shu ma’noda qo‘llangan. Tilshunoslarning aytishicha, bu nom qadimgi turkchada baziraq, badiroq, batiroq tarzida ham qo‘llangan. Ya’ni, bayroq biror el-ulus, qavmning erkinlik belgisi bo‘lib,

u baland joylarga, hukmdorlar chodiriga o‘rnatib qo‘yilgan. Uni tug‘, yalov, sanchoq (sanjoq) nomlari bilan ham ataganlar.

Sohibqiron Amir Temur saltanatida bayroq davlat va millatning g‘ururi sanalgan. Uch halqa tasviri tushirilgan tug‘ Sohibqiron qo‘shinidagi eng ishonchli bahodirlar, sarkardalar tomonidan qo‘riqlangan. Urush paytida qo‘shin oldida baland ko‘tarilgan bayroq jang­chilarga jangovar ruh bag‘ishlagan, ularning kayfiyatini ko‘tarib, zafar sari olg‘a chorlagan. Amir Temur «Jang maydonida bir sipohiy omon qolsa ham bayroqni baland tutsin!», deb farmon bergan va bayroqning egilishini mag‘lubiyat deb qabul qilgan. Shuningdek, «Temur tuzuklari»da aytilishicha, janglarda shijoat va mardlik ko‘rsatib, g‘anim ustidan g‘alaba qozongan amirlar va sipohiylarga davlat timsollari – tug‘ va nog‘ora in’om etilgan.

Mana 32 yildirki, bayrog‘imiz g‘urur va faxrimiz timsoliga aylandi. U O‘zbekiston a’zo bo‘lgan xalqaro tashkilotlar, chet ellardagi elchixona va doimiy vakolatxonalarimiz peshtoqlarida, rasmiy delegatsiyalarimizning xorijiy mamlakatlarga safarlari chog‘ida, xalqaro konferensiyalarda, jahon ko‘rgazmalarida hilpiramoqda. Nufuzli sport musobaqalarida muzaffar sportchilarimiz sharafiga yuksak ko‘tarilmoqda. Qurolli Kuchlarimiz safiga chaqirilgan, harbiy ta’lim muassasalarini tamomlagan yoshlarimiz Davlatimiz bayrog‘i poyida Vatanni ko‘z qorachig‘iday asrash, uni o‘z sha’ni va nomusiday munosib himoya qilishga qasamyod qiladilar.

Joriy yil 7-iyulda yurtimiz bayrog‘idan keng foydalanilishini, Vatanga nisbatan faxr-iftixor va mehr-muhabbat tuyg‘ulari yanada kuchaytirilishini ta’minlash maqsadida «O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun qabul qilindi. Unga ko‘ra, davlat bayrog‘idan foydalanilishi mumkin bo‘lgan holatlar kengaytirildi. Jumladan, endilikda:

bayroq va uning tasviri tushi­rilgan belgilardan jamoat joylarida, binolarda, yashash yoki ish joylarida, transport salonida;

bayroqdan sport musobaqalari, ommaviy, tantanali va madaniy tadbirlarda, oilaviy bayramlarda, xotira sanalarni nishonlashda, jamiyat va davlat arboblari, harbiy xizmat­chilar dafn marosimlarida;

xalqaro sport musobaqalari hamda O‘zbekiston chempionatlari uchun sport kiyimlarini tayyorlash uchun bayroqning tasviri tushirilgan belgilardan foydalanish mumkin.

Shuningdek, bayroqqa nisbatan hurmatsizlik qilish holatlari aniq belgilandi. Xususan, bayroqdan va uning tasviri tushirilgan belgilardan yirtilgan, ifloslangan, teshilgan, rangi oqargan holda va boshqa nomaqbul tarzda foydalanish; biror-bir narsa uchun ustki yoping‘ich sifatida foydalanish; stollarga, o‘rindiqlarga, stullarga to‘shash yoki tasvirlash, undan qoplama sifatida foydalanish, o‘tiriladigan boshqa joylarga yoki oyoq ostiga to‘shash yoki tasvirlash; kiyim-ke­chak, dastro‘mol yoki ko‘rpa-to‘shak sifatida, buyumlarni saqlash va tashish uchun foydalanish; bayroq tasviri tushirilgan belgilarni poyabzal, dastro‘mol, ko‘rpa-to‘shak, ichki kiyim-kechakka, sochiqlarga, qutilarga (o‘rovlarga), bir marta foydalanish va tashlab yuborish uchun mo‘ljallangan buyumlarga bosib chiqarish yoki uning tasvirini boshqacha tarzda tushirish; bayroq va uning tasviri tushirilgan belgilardan odob-axloq qoidalari va jamiyatda yurish-turish qoidalariga zid ravishda foydalanish mumkin emas.