Get Mystery Box with random crypto!

45-mavzu FAVQULODDA VAZIYATLAR VA AHOLI MUHOFAZASI Dunyo ya | MA'RIFAT DARSI | МАЪРИФАТ ДАРСИ

45-mavzu

FAVQULODDA VAZIYATLAR VA AHOLI MUHOFAZASI

Dunyo yaralibdiki, insoniyatga turli xavflar, jumladan, tabiatning vayronkor injiqliklari tahdid soladi. Ommaviy axborot vositalariga nazar tashlasak, deyarli har kuni dunyoning qay bir burchagida qandaydir favqulodda vaziyat yuzaga kelayotganiga guvoh bo‘lamiz.

Yurtimizda ham bir qancha favqulodda vaziyatlar yuz berib, xalqimiz boshidan sinovli kunlar o‘tgan. Misol tariqasida, 1902-yilda Andijon shahrida, 1966-yilda Toshkent shahrida va 1984-yilda Gazlida yuz bergan zilzilalar, shuningdek, o‘tgan asrning 90-yillari boshidagi Toshkent va Samarqand viloyatlarida odamlarning qurbon bo‘lishi bilan bog‘liq yirik ko‘chki hodisalarini keltirib o‘tish mumkin.

Favqulodda vaziyat deganda, odamlar qurbon bo‘lishiga, ularning sog‘lig‘i yoki atrof tabiiy muhitga zarar yetishiga, jiddiy moddiy talafotlar keltirib chiqarishga hamda odamlarning hayot faoliyati, sharoiti izdan chiqi-shiga olib kelishi mumkin bo‘lgan yoki olib kelgan avariya, halokat, xavfli tabiiy hodisa, tabiiy yoki boshqa ofat natijasida muayyan hududda yuzaga kelgan holat tushuniladi.

Favqulodda vaziyatlar kelib chiqish tusiga ko‘ra, tabiiy, texnogen va ekologik turlarga bo‘linadi.
Tabiiy tusdagi favqulodda vaziyatlarning birinchisi geologik xavfli hodisalar – zilzila, ko‘chki, tog‘ o‘pirilishi. Ikkinchisi gidrometeorologik xavfli hodisalar – suv toshqinlari, sel, qor ko‘chkilari, kuchli shamollar, yomg‘irlar. Uchinchisi – epidemiologik, epizootik, epifitotik xavfli vaziyatlar – o‘ta xavfli infeksiyalarning tarqalishi.

Texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlarga transport, kimyoviy xavfli obyektlardagi, yong‘in-portlash xavfi mavjud bo‘lgan obyektlardagi, energetika va kommunal tizimlardagi, ijtimoiy yo‘nalishdagi obyektlardagi, gidrotexnik va radioaktiv hamda boshqa xavfli, ekologik jihatdan zararli bo‘lgan moddalarning ishlatilishi yoki saqlanishi bilan bog‘liq bo‘lgan halokatlar kiradi.

Ekologik tusdagi favqulodda vaziyatlarga quruqlik (tuproq, yer osti) atmosfera va gidrosfera holatining o‘zgarishi bilan bog‘liq bo‘lgan holatlar kiradi.
Yer yuzida bunday favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lib turarkan, undan inson hayoti xavf ostida qolayotgan ekan, tayyorgarlik ko‘rish, aynan fav-qulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish eng dolzarb masala sifatida oldimizda ko‘ndalang turadi. Albatta, favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish qoidalariga o‘rgatishni, eng avvalo, oiladan boshlashimiz lozim. Bunday vaziyatlarning muvaffaqiyatli tugashiga odatda insonning qiyinchiliklarni yengishga bo‘lgan tayyorgarligi hisobiga erishish mumkin. Aholini favqulodda vaziyatda harakat qilishga doimiy va sifatli tayyorlash, albatta, jabrlanganlar va moddiy zararning kamayishiga olib keladi.

Mutaxassislarning ma’lumotlariga ko‘ra, favqulodda vaziyatlar sharoitida qurbon bo‘lganlarning 40 foizi tayyorgarlikdan o‘tmaganliklari, to‘g‘ri harakat qilishni bilmaganliklari oqibatida hayotdan ko‘z yumishar ekan. Shunday ekan, aholini favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga tayyorlash sohasidagi muammolarni aniqlash va ularning yechimlarini topishga e’tibor qaratmoq kerak.

Mamlakatimizda ham bu borada bir qator me’yoriy hujjatlar imzo-langan bo‘lib, shu asosda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining «Fuqaro muhofazasi to‘g‘risida»gi, «Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish to‘g‘risida»gi qonunlari, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining «Aholini favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga va fuqaro muhofazasi sohasida tayyorlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida»gi hamda «Aholini zilzilada harakatlanishga tayyorlash tizimini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarorlarini keltirish mumkin.